Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Ko‘pgina doimiy xarajatlarni kechiktirib yoki bekor qilib bo‘lmaydi, jumladan, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar, soliqlar, jarimalar, kreditlar va boshqalar. Biroq ularga sarflanadigan vaqtni tejash mumkin. “Daryo” quyida buni qanday qilib bajarishni tushuntiradi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Deyarli barcha moliya va davlat tashkilotlari mobil ilovalar orqali pul o‘tkazmalarini qabul qiladi. Banklar ham mobil ilovalar orqali turli xil xizmatlar uchun masofaviy to‘lovlarni taklif qiladi. 

Biroq, ushbu ko‘rsatiladigan xizmat uchun olinadigan komission haq miqdoriga e’tibor berishni unutmaslik kerak. Odatda, bir xizmat turi uchun olinadigan komission to‘lov miqdori xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga qarab har xil bo‘lishi mumkin.

Qanday xizmatlarni masofadan turib to‘lash mumkinligini va buni qanday qilish qulayroq ekanligini batafsil ko‘rib chiqamiz.

Uy-joy kommunal xizmatlari

To‘lov kvitansiyasi boshqaruv kompaniyasi yoki xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot, to‘lovchining shaxsiy hisob raqami, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot rekvizitlari va to‘lov summasi haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Banklar va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalari orqali kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati mavjud.

Mobil ilova yordamida kommunal to‘lovlarni qanday to‘lash mumkin?

Mobil ilovada xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘limidan kerakli xizmat turini tanlash va tegishli to‘lovchi hisobraqamini kiritish kerak. 

Birinchi to‘lovdan keyin chekni saqlab qo‘yish va keyingi to‘lovlarni shu asosida amalga oshirish (qarz miqdori bo‘yicha ma’lumotlar avtomatik ravishda elektron to‘lov shakliga yuklanadi) yoki to‘lov uchun boshqa ixtiyoriy summani ko‘rsatish tavsiya qilinadi. 

Keyingi bosqichda to‘lov uchun pul yechib olinadigan kartani tanlab, yana bir bor ma’lumotlar tekshirib ko‘rilganidan so‘ng to‘lovni tasdiqlash mumkin.

Agar ilova menyusida o‘zingizning boshqaruv kompaniyangizni topa olmasangiz, unda to‘lov kvitansiyasida ko‘rsatilgan tashkilot ma’lumotlari va to‘lov summasini kiritishingiz kerak bo‘ladi.

Xizmatlar uchun to‘lovlar amalga oshirilgandan so‘ng ayrim ilovalarda elektron kvitansiyalarda QR-kod ko‘rsatiladi. Agar sizda ham u mavjud bo‘lsa, smartfoningiz yordamida undan keyingi to‘lovlarni amalga oshirish uchun foydalanishingiz mumkin. QR-kod skaner qilinganda to‘lov uchun barcha ma’lumotlar avtomatik ravishda yuklanadi. Bunda faqat ma’lumotlar yana bir bor tekshirilishi va to‘lov amalga oshiriladigan karta tanlanishi kerak xolos.

Soliqlar

Jismoniy shaxslarning soliqlarini “Payme.uz”, “Click.uz” va boshqa to‘lov tizimlarining saytlari orqali yoki banklar va to‘lov tizimlarining mobil ilovalari orqali amalga oshirish mumkin. Ularni Play Market yoki App Store ilovalari yordamida smartfonga yuklab olsa bo‘ladi.

Barcha mobil ilovalarda to‘lovlarni amalga oshirish tartibi bir xil. To‘lovlar bo‘limiga kiriladi va soliqlar uchun to‘lovlar bo‘limi tanlanadi. To‘lanadigan soliq turi ko‘rsatiladi, JSHSHIR va to‘lov summasi kiritilib, to‘lov tugmasi bosiladi.

“Xizmatlar uchun to‘lov” — “Soliqlarni to‘lash” bo‘limida soliq turini tanlash, STIRni, to‘lov miqdorini kiritish va “To‘lash” tugmasini bosish kifoya. 

Operatsiya yakunlangandan so‘ng to‘lov muvaffaqiyatli amalga oshirilganligi bo‘yicha SMS xabarnoma keladi.

Xizmat ko‘rsatuvchi bank tomonidan to‘langan soliqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar soliq organlarining axborot tizimiga avtomatik tarzda kiritiladi va soliq to‘lovchining shaxsiy kartochkalariga joylashtiriladi.

Shuningdek, to‘langan soliq to‘g‘risida ma’lumotni soliq to‘lovchi “my.soliq.uz” “Elektron soliq xizmatlari” portalining jismoniy shaxsning shaxsiy kabinetidagi “Jismoniy shaxsning shaxsiy kartochkalari” elektron davlat xizmatidan foydalanib olishi mumkin.

Jarimalar

Sizda yoki oila a’zolaringizda avtomobil bor. Avtomobilni noto‘g‘ri boshqarganlik uchun jarimalar sizning oilaviy budjetingizga kutilmagan xarajatlarning oshishi natijasida sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Jarimalar bor yoki yo‘qligini qanday qilib tekshirish mumkin?

Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar mavjudligini bir nechta usullar bilan tekshirsa bo‘ladi:

SMS xabarnoma orqali. Jarimalarni eng oddiy usulda, ya’ni avtorizatsiya va ro‘yxatdan o‘tmasdan turib 8860 qisqa raqamlariga SMS xabarnoma yuborish orqali tekshirishsa bo‘ladi. 

Bunda “avtomobilning davlat raqami” va “avtotransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma (texpasport) seriyasi va raqami” bir biridan ajratilgan holda ketma-ket yozib yuboriladi. Misol uchun, 01A123AA AAC1234567 tarzda yoziladi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari markazi orqali — “my.gov.uz” orqali. Agar siz portaldan birinchi marta foydalanayotgan bo‘lsangiz, dastavval undan ro‘yxatdan o‘tish lozim. Undan keyin, avtomobil ma’lumotlari: davlat raqami, avtotransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma (texpasport) seriyasi va raqami, sug‘urta kompaniyasi va polis raqami kiritiladi.

Avtomobil tizimga qo‘shilgandan so‘ng, “Avtotransport vositalari haqida ma’lumot” bo‘limidan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalarni bepul kuzatish mumkin. 

Ushbu ma’lumotlar Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining ma’lumotlar bazasiga tushganda bu bo‘limda birdaniga ko‘rinadi.

To‘lov tashkilotlarining ilovalari orqali. Ushbu ilovalar orqali “Jarimalarni monitoring qilish” xizmatini faollashtirish mumkin. 

Dastavval avtomobil ilovaga qo‘shiladi, bunda davlat raqami, avtotransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risida guvohnoma seriyasi va raqami hamda telefon raqami kabi ma’lumotlar kiritiladi. 

Tizimda ushbu avtomobil uchun jarimalar paydo bo‘lganida, smartfonga SMS xabarnoma keladi. Ushbu xizmat pullik.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Mening jarimalarim” nomli mobil ilova ishga tushirildi. Bu ilova ma’muriy huquqbuzarliklarni onlayn tekshirish hamda ularni Uzcard va Humo bank kartalari orqali to‘lash uchun mo‘ljallangan.

Ilovada kerakli jarimalarni bayonnoma, qaror yoki kvitansiya raqami yordamida topish mumkin.

Dastlabki 15 kun davomida ko‘pchilik jarimalarni 30 foiz chegirma bilan to‘lash mumkin.

Chegirma quyidagi hollarda qo‘llanilmaydi:

  • ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun sud tomonidan jarima belgilanishi;
  • jarima undirish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilish yoki e’tiroz (protest) bildirish;
  • xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin bir yil davomida takroran sodir etganda.

OneID (Yagona identifikatsiya tizimi) orqali “Mening jarimalarim” ilovasida ro‘yxatdan o‘tishda foydalanuvchining ma’muriy huquqbuzarliklari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot olish mumkin, xususan:

  • ma’muriy ishning hozirgi holati;
  • jarima to‘lovlari tarixi;
  • qaror holati;
  • jarima to‘langanligi holati;
  • sud majlisining sanasini;
  • organ yoki sud qarorlarini PDF formatida yuklab olish;
  • yo‘l harakati jarimasini to‘lash;
  • ma’muriy huquqbuzarlik uchun jarima to‘lash.
  • kreditlar

Maqolada Markaziy bankning “Finlit.uz” saytidagi ma’lumotlardan foydalanildi

Foziljon Qambarov
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Turkmaniston gaz yetkazib bermagani uchun O‘zbekiston kompensatsiya talab qilgani rad etildi
Mahalliy
“Qardoshlarimizga hamdardmiz”. O‘zbek jamoatchiligi Turkiyadagi zilzilaga munosabat bildirdi
Dunyo
Turkiya va Suriyadagi zilzila nega halokatli oqibatlarga olib keldi?