Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

3-sentabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan “otasini sotgani” bilan mashhurlikka erishgan Pavlik Morozovning o‘ldirilishi, Leninga suiqasd uyushtirgan Fanni Kaplan va Shvetsiyada mashinalarning o‘ng tomonlama harakatlanishga o‘tishiga oid faktlar o‘rin olgan.

Chekistlarning qo‘g‘irchog‘i: Pavlik Morozov nima uchun kurashgan edi?

Bundan roppa-rosa 90 yil oldin kamida ikki marotaba siyosiy propaganda qurboniga aylangan, sinfiy kurash uchun jonini bergan “pioner qahramon”dan “otasini ushlab bergan sotqin” nomiga qadar yo‘lni bosib o‘tgan Pavel Morozov o‘ldirilgan edi. So‘nggi yillarda Pavlikning shaxsiyati haqida turli afsonalar paydo bo‘lgan, barchasi qanday ro‘y bergani haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘q. Morozovning otasini aslida kim sotgani va o‘smirni o‘rmonda kim o‘ldirgani, pionerning chekistlarga qanday bog‘liqligi bo‘lgani haqida quyida ma’lumot beramiz.

Bo‘lajak pioner-qahramon 1918-yili Uralda tug‘ilgan. Pavlikning otasi o‘g‘li tug‘ilganidan keyin oilasini tashlab ketgan, shu sababli ular o‘rtasida hech qanday munosabat bo‘lmagan. Kichik Morozov onasi va ukalarini boqish uchun ham o‘qib, ham ishlagan. Bundan tashqari, aynan u Tobolsk guberniyasidagi Gerasimovka qishlog‘ida birinchi pionerlar otryadini tashkillashtirgan deb hisoblanadi.

Rassom Nikita Chebakovning “Pavlik Morozov” kartinasi (1952-yil)

Rassom Nikita Chebakovning “Pavlik Morozov” kartinasi (1952-yil)
Foto: “RIA Novosti”

Rasmiy versiyaga ko‘ra, 1932-yilning sentabrida — “quloqlashtirish”ga qarshi kurashning avj pallasida 12 yoshli Pavel o‘sha vaqtda Xalq deputatlari qishloq kengashi (“selsovet”) raisi bo‘lgan va “quloq”larga soxta ma’lumotnomalarni sotib kelgan o‘z otasi Trofim Morozovni sudga topshirgan.

Shuningdek, u quloqlar soliqdan qochishiga yordam bergan, davlatga topshirilishi kerak bo‘lgan nonni yashirgan. “Boshqalarga quloqlarni himoya qilish borasida dars bo‘lishi uchun otamni qattiq javobgarlikka tortishingizni so‘rayman”, — deydi o‘smir sudda.

Natijada katta Morozov o‘g‘lining ko‘rsatmasi asosida 10 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Biroq pioner bu bilan to‘xtab qolmagan: keyinroq u qo‘shnisinikiga yashirilgan non haqida aytib bergan, shuningdek, xolasining erini davlat donini o‘g‘irlashda ayblab, g‘allaning bir qismi 80 yoshli bobosi — Sergey Morozovning uyiga yashirilganini ma’lum qilgan.

Oradan bir yil o‘tgach Pavlik va uning ukasi o‘rmonga meva tergani borganida so‘yib ketilgan. Buni o‘smirning xiyonatini kechira olmagan ota tomondan qarindoshlari amalga oshirgan.

“2-sentabr kuni Tavdaga ketdim, 3-sentabrda esa Pavel va Fyodor o‘rmonga meva tergani borgan. Oyning beshinchi sanasida kelib, ular o‘rmondan qaytmaganidan xabar topdim. Xavotirga tushib, militsiyaga murojaat qildim va u xalqni to‘plab, o‘rmonga bolalarimni qidirgani otlandi. Ko‘p o‘tmay ular pichoqlangan holda topildi. 11 yoshli o‘rtancha o‘g‘lim Aleksey 3-sentabr kuni Danil o‘rmondan yugurib kelayotgani va uning ortidan itimiz chopayotganini ko‘rganini aytib bergandi. Aleksey undan Pavel va Fyodorni ko‘rmadingmi deb so‘raganida, Danil hech nima javob bermasdan, kulib o‘tib ketgan”, — deydi o‘ldirilgan bolalarning onasi.

Pavlik Morozovning o‘ldirilishi ishi bo‘yicha to‘rt kishi sudlangan — marhumlarning bobosi va buvisi, shuningdek, amakivachchasi Danil hamda uning amakisi Arseniy Kulukanov. Tergov jarayonida Morozov boboning uyidagi ikonalar ortiga yashirilgan qon dog‘lari bor pichoq topilgan.

Danil Morozov qotillikni bevosita ijro etgan shaxs deb topilgan va sovet hukumatining dushmani sifatida qatl etilgan. Kulukanov ham sherik sifatida otishga hukm qilingan, sodir bo‘lgan qotillik vaqtida bolani ushlab turgan keksa Kseniya va Sergey Morozovlar hibsga olingan bo‘lib, ko‘p o‘tmay ular qamoqxonada vafot etgan. Ayblanuvchilardan faqat bir kishi — Pavlikning yana bir amakisi Arseniy Silin to‘liq oqlangan.

Keng tarqalgan versiyalarga ko‘ra, sudlangan Trofim Morozov qamoq muddatining oxiriga qadar o‘tirmagan — u uch yildan so‘ng lagerdan qaytib kelgan. Tarixchilarning hisoblashicha, bunga uning Belomor-Boltiq kanalining qurilishidagi ishtiroki sabab bo‘lgan va u uyiga qilgan mehnati uchun orden bilan qaytgan. Umuman olganda buni tasdiqlaydigan rasmiy ma’lumot yo‘q.

Hukumat SSSR parchalangunga qadar Pavlik Morozov tarixini xalq uchun fidoyi inson sifatida propaganda qilishni davom etgan: kommunizmni qurish uchun salmoqli hissa qo‘shgan va buning uchun o‘z jonidan ayrilgan pioner. Bolakay xalq qahramoniga aylantirilgan.

“Biz senga go‘sht tayyorlab qo‘ydik, endi sen uni ye!”

Qayta qurish davri boshlandi, u bilan pioner-qahramon tarixiga ham yangicha qarash paydo bo‘ldi. O‘shanda bolakayning haqiqiy biografiyasi, Morozovlar oilasidagi murakkab munosabatlar oshkor bo‘ldi. Masalan, Pavlikning bobosi jandarm, buvisi esa ot o‘g‘risi bo‘lgan: ular qamoqxonada bir-biri bilan tanishib qolgan.

Pavlikning otasi Trofim Morozov juda ko‘p ichgan, sayoq yurgan, ayoliga xiyonat qilib kelgan va natijada uni to‘rtta bola bilan tashlab, qo‘shni ayol — Antonina Amosovanikiga ko‘chib o‘tgan. Pavelning o‘qituvchisi Lyudmila Isakovaning xotirlashicha, ota uyidan chiqib ketgunga qadar xotini va farzandlarini muntazam kaltaklab kelgan. Puni Pavelning ukasi Aleksey ham tasdiqlagan: uning so‘zlariga ko‘ra, ota “faqat aroqni yaxshi ko‘rgan, xotini va o‘g‘illarini ko‘rarga ko‘zi bo‘lmagan”.

Pavlikning bobosi ham kelini va nabiralarini xushlamagan, ayolni bitta xo‘jalikda emas, alohida yashashni xohlagani uchun ayblab kelgan.

Glazov shahrida Pavlik Morozovga atab o‘rnatilgan haykal

Glazov shahrida Pavlik Morozovga atab o‘rnatilgan haykal
Foto: Wikimedia

“Bobom bilan buvim uchun biz begonaga aylangan edik. Bizni hech narsa bilan mehmon qilmas, xushlamas edi. O‘zlarining nabirasi Danilni maktabga ham yubormasdi. ‘Savod kerak emas senga, xo‘jayin bo‘lasan, Tatyananing itvachchalari esa xizmatingni qiladi’, derdi”, — eslaydi Aleksey. Pavlikni esa amakivachchasi va buvisi “jirkanch kommunist” deb atab, onasi va uning “terisini shilib olish” bilan qo‘rqitib kelgan.

Organlar katta Morozovga qarshi mansab vakolatlarini suiiste’molga qilgani yuzasidan ish qo‘zg‘atganida sobiq rafiqasi o‘z ko‘rsatmasida erining barcha kirdikorlarini ochib tashlagani ajablanarli emas. Buning natijasida erning boshqa qarindoshlariga ham zarar yetgan. Ayrim tarixchilarning hisoblashicha, Pavlik shunchaki sudda onasining ko‘rsatmalarini tasdiqlagan xolos.

Pavlikning otasi haqidagi “quloqlar bilan ishlashi” va “yashirin inqilobni amalga oshirmoqchiligi” haqidagi ko‘rsatmasi bo‘yicha tergov organlari hech narsa topa olmagan.

Aniqlanishicha, Pavlikning xatti-harakatida siyosiy maqsad bo‘lmagan — u shunchaki onasini qo‘llab-quvvatlagan. Buning uchun bola o‘z jonidan ayrilgan, bobosi va buvisi kelinidan qasd olish uchun uning eng og‘riqli joyi — farzandlaridan judo qilgan.

Bolalar vahshiylarcha o‘ldirilgan: Pavelning qorin va yuragiga pichoq sanchilgan, qochishga uringan ukasi Fyodorning boshiga tayoq bilan urishib, so‘ng qorniga pichoq tiqishgan.

Bundan tashqari, qotillar qilgan ishini yashirishga ham urinmagan. Pavelning onasi Tatyana Morozovaning eslashicha, bolalarning jasadlari qishloqqa olib kelinganida sobiq erining onasi va marhumlarning tug‘ishgan buvisi Kseniya Morozova kulib shunday degan: “Tatyana, biz senga go‘sht tayyorlab qo‘ydik, endi sen uni ye!”.

Pavlik o‘zi hayotda bo‘lganmi?

Sovet Ittifoqi parchalangach, 1932-yilning kuzida sodir bo‘lgan voqeaning yana bir versiyasi yuzaga kelgan — Pavlik Morozov shaxsining rostdan ham bo‘lgan yoki bo‘lmagani. Gap shundaki, Gerasimovka qishlog‘idagi bolaning qarindoshlari uning tug‘ilgani va o‘lgani haqida bir-biriga zid ma’lumotlarni taqdim etgan, arxivlarda ularning ko‘rsatmalariga oid 12 xil variant saqlanadi.

Foto: Russian7

Pavlikning rostdan ham bo‘lganini o‘z vaqtida faqat uning o‘qituvchisi Lyudmila Isakova tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolakay biror-bir siyosiy maqsadni ko‘zlamagan: uni asosan qiyin ahvoldagi onasi va qarindoshlarining ularni xo‘rlashlari qiynab kelgan. Aynan shu uning sudda ko‘rsatma berishiga turtki bo‘lgan.

O‘sha vaqtda bola chekistlar qo‘lidagi qo‘g‘irchoq bo‘lgani haqida ham versiya paydo bo‘lgan. Ulardan biriga ko‘ra, Morozov onasining topshirig‘iga ko‘ra otasini sotgan, shundan so‘ng esa BDSB (OPGU) josusi tomonidan ommaviy repressiyani paydo qilib, quloqlarni yo‘qotish maqsadida o‘ldirilgan.

Pavlik Morozovning tarixi shundoq ham qiyin kechayotgan kollektivlashtirish sharoitida foyda bermagan. Bundan tashqari, pionerlar tashkiloti mamlakatda parchalana boshlagan. Xalqning qiziqishini uyg‘otish uchun qahramon va afsonalar kerak edi, Morozov esa ulardan biriga aylangan.

Yana shunday ma’lumotlar borki, Pavlikning pionerlar tashkilotiga hech qanday aloqasi bo‘lmagan — o‘smirning ayrim tengdoshlarini so‘zlariga ko‘ra, u qishloqda Pavlikning o‘limidan so‘ng paydo bo‘lgan, portretidagi galstuk esa keyinchalik chizib qo‘yilgan.

Morozovning o‘qituvchisini so‘zlariga ko‘ra, u rostdan ham o‘qishga berilib ketgan bola bo‘lgan. “Ayrimlar tasavvurida Pavlik pionerlarning toza formasini kiyib olgan targ‘ibotchidek ko‘rinishi mumkin. Qashshoqligi sabab u bunday formani ko‘rmagan ham”, — deya eslaydi u.

Qotillik fakti bo‘yicha tergov gumonlanuvchilarning aybini to‘liq isbotlagan: Pavlikni rostdan ham uning qarindoshlari o‘ldirgan.

1997-yilda Tavdins tumani administratsiyasi Danil Morozov va Arseniy Kulukanovning qarindoshlari tashabbusi bilan Bosh prokuraturaga murojaat qilgan, biroq hech qanday ijobiy natijaga erishilmagan. Pavelning qarindoshlarini otishga hukm qilgan Ural viloyati sudining qarorini qayta ko‘rib chiqish rad etilgan. Bosh prokuratura Morozovlar siyosiy sabablarga ko‘ra reabilitatsiya qilinmaydi, chunki ish faqat jinoiy xususiyatga ega, degan xulosaga kelgan. Mazkur xulosa hali ham Oliy sud tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Nima uchun Shvetsiya yo‘llari jahonda eng xavfsiz? Nega Xelsinkidagi YTHlarda hech kim o‘lmaydi? Nega Osloda haydovchilar piyodalarni bosib ketmaydi?

Shvetsiyada avtomobillarning o‘ng tomonlama harakatga o‘tishi

Shvetsiyada 1967-yil 3-sentabrdan boshlab avtomobillar o‘ng tomonlama harakatlanishni boshlagan bo‘lib, bu kun “H kuni” deb ham ataladi. Bu yerda “H” harfi shvetchada Hogertrafik ma’nosida bo‘lib, “o‘ng tomondan harakatlanish” degani.

Foto: “Istorik.net”

Shvetsiya qiroli Karl XII tomonidan 1718-yilning 10-fevralida o‘ng tomonlama harakati rasman joriy etilgan, biroq 1734-yilning 12-dekabrida ushbu qaror bekor qilingan, 1868-yilning 24-mayida esa qonun bilan o‘ng va chap tomon harakatini ajratish imkoni bo‘lmagan, chunki o‘sha vaqtlarda yo‘llarda tirbandliklar kuzatilmagan (otlik aravalar bemalol aylanib olish uchun imkoni topa bilgan).

XX asr o‘rtalariga Shvetsiya Yevropa qit’asida chap tomonlama harakatlanishdan foydalanadigan yagona davlatga aylangan. Qo‘shni Skandinaviya davlatlari (Daniya va Norvegiya), shuningdek, Finlyandiyada o‘ng tomonlama harakatlanish joriy etilgan, bu esa chegarani kesib o‘tishga ko‘plab noqulayliklarni yuzaga keltirgan. Bundan tashqari, mamlakatda foydalaniladigan avtomobillarning katta qismi (hatto Shvetsiyada ishlab chiqarilganlarida ham) rul chap tarafda bo‘lgan: avvaliga amerikaliklar bunday kichik bozor uchun alohida mashina chiqarishni istamagan.

Qator ekspertlar o‘ng tomonlama harakatlanish yo‘llardagi avariyalar sonining kamayishiga olib keladi deb hisoblagan. Xususan, o‘ng tomondan harakatda rulning chap tarafda joylashishi haydovchiga harakat yo‘nalishini yaxshiroq ko‘rish imkonini beradi va bu to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvlarning oldini olishga xizmat qilishi kerak. Shuningdek, bu Shvetsiyaning Norvegiya va Finlyandiya bilan chegarasida noqulayliklarga barham berishi ko‘zda tutilgan.

1955-yilda o‘tkazilgan referendumda harakat tomonini o‘zgartirishga ishtirokchilarning 85 foizi qarshi chiqqan. Shunga qaramay, 1963-yilda Shvetsiya parlamenti O‘ng tomonlama harakatlanish o‘tish bo‘yicha davlat komissiyasini shakllantirgan va unga o‘tishni ta’minlashda kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasi yuklangan. O‘tishning dastlabki vaqtlarida tezlikka maxsus cheklov qo‘yilgan.

Ulkan ishlar amalga oshirilgan: yangi yo‘l belgilari va yo‘ning narigi tarafida svetoforlar o‘rnatish kerak edi, ko‘plab chorrahalarni qayta ko‘rib chiqish, bir tomonlama harakat ta’minlangan ko‘chalarda avtobus bekatlarini o‘zgartirish, barcha avtomobillarning faralarini moslashtirish lozim bo‘lgan. Yangi faralarga “1967-yil 3-sentabrdan ko‘chirib tashlansin”, degan yorliq yopishtirilgan.

“H kuni” 1967-yilning 3-sentabri, yakshanba soat 05:00 ga rejalashtirilgan. Ushbu kunda tungi soat 01:00 dan 06:00 gacha shaxsiy transport vositalarining harakatlanishi taqiqlangan. Yirik shaharlarda taqiq vaqti uzaytirilgan: masalan, Stokgolmda — shanba kuni soat 10:00 dan yakshanba 15:00 gacha. Bu vaqt davomida ishchilar o‘ng tarafga o‘rnatilgan svetoforlarni yoqqan, umumyevropa yo‘l belgilariga yopilgan g‘iloflarni olib tashlagan. Ishchilar yetishmasligi sabab askarlar ham jalb etilgan.

O‘tish davri

Umuman olganda o‘tish davri tinch bo‘lgan. Dastlabki ikki kun davomida o‘lim bilan yakunlangan birorta YTH qayd etilmagan. “H kuni”ning birinchi oyida avariyalar soni sezilarli darajada kamaygan. Biroq yo‘llardagi avariyalarning kamayganini harakatlanish yo‘nalishining o‘zgartirilishi bilan bog‘lash qiyin: yangi qoidalarga o‘rgangan haydovchilar e’tiborni susaytirgan va YTHlar soni yana orta boshlagan.

Foto: “Auto.onliner.by”

Foto: “Auto.onliner.by”

Foto: “Auto.onliner.by”

Bundan 104 yil oldin Lenin og‘ir yaralangan edi. Suiqasdda Fanni Kaplan ismli ayol ayblanib, tez orada otib tashlangan. Leninni aslida ham u otganmidi?

Faktlar xuddi ma’lumdek. 1918-yilning 30-avgust kuni Moskvadagi Mixelson zavodida uyushtirilgan mitingda Lenin chiqish qiladi va unga suiqasd qilinadi. Voqea joyida Fanni Kaplan qo‘lga olinadi. U Leninni otganini tan olib, hech bir partiyaga a’zo emasligini va hech kimga bog‘liqligi yo‘qligini ma’lum qilgan. Qurolni qayerdan olganini esa aytishni istamagan.

Kaplan o‘zi kim edi?

Fanni Kaplanning asl ismi Feyga Xaimovna Roytblat. 16-yoshida u anarxistlarga qo‘shilib qolgan. Kiyevda terakt tashkillashtirilgan, biroq Kiyev general-gubernatori uchun mo‘ljallangan qo‘lbola portlovchi qurilma u boshqa terrorchi bilan yashagan mehmonxona nomerida portlab ketgan. Kaplan og‘ir yaralangan va ko‘rish qobiliyatini qisman yo‘qotgan. Mazkur voqeadan so‘ng u hibsga olingan 1907-yilning yanvarida harbiy sud uni o‘lim jazosiga hukm etgan. Biroq Kaplan voyaga yetmagan bo‘lgani sabab o‘lim jazosi umrbod surgunga almashtirilgan. Aktau qamoqxonasiga u ko‘chishga moyilligi bor o‘ta xavfli terrorchi sifatida kishanlarda olib borilgan. Kaplan Fevral inqilobida ozodlikka chiqqan.

Foto: Wikimedia Commons

1918-yilning avgustida Kremldagi so‘roqlarda hech narsa aniqlanmagan, Kaplan otib tashlangan va uning jasadi temir bochka ichida yoqib yuborilgan. Shundan keyin uning aslida tirik ekani haqida mish-mishlar tarqala boshlagan: Lenin uni afv etish bo‘yicha shaxsan buyruq berganmish. 1930-yillarda kuni Butirkada, Solovka, Kolima va boshqa lagerlarda ko‘rishgan. Bularning barchasi afsona xolos. Kremlning sobiq komendanti, Boltiq dengizi matrosi Malkovning xotiralarda qayd etilishicha, u latviyalik merganlar bilan shaxsan Fanni Kaplanni otgan. Shovqin ovozini eshitib, o‘sha vaqtda Kremlda yashagan proletariat shoir Demyan Bedniy ham yugurib kelgan va o‘lim jazosining ijro etilishiga guvoh bo‘lishga rozilik bildirgan. Shuningdek, RSFSR Xalq Komissarlari Soveti huzuridagi aksilinqilob va sabotajga qarshi kurash bo‘yicha Butunrossiya favqulodda komissiyasining otishga hukm qilingan 90 kishining ism-familiyasi ro‘yxatidagi 33-raqam ostida quyidagicha yozilgan: “Kaplan o‘rtoq Leninga suiqasd uyushtirgani uchun...”.

O‘qlar, gilzalar, suiqasd guvohlari

Suiqasd amalga oshirilgan zahoti Leninni Kaplan otmagani, fitnachilar ko‘pchilikni tashkil etgani haqida gap-so‘zlar tarqalgan. Yillarda davomida turli versiyalar yuzaga kelgan: Leninga suiqasdni Fanni Kaplan bilan aloqada bo‘lgan uning ukasi Dmitriy Ulyanov tashkillashtirilgan…

Mazkur mish-mishlar jiddiy tergov ishlari olib borilmagani bilan bog‘lanadi. Umuman olganda ish bo‘yicha 17 nafar guvoh so‘roq qilingan, biroq ularning barchasi, jumladan Leninning haydovchisi bo‘lgan Gilya ham o‘z ko‘rsatmalarida chalkashliklarga yo‘l qo‘ygan. Kimdir uch marotaba o‘q ovozini eshitganini aytgan bo‘lsa, boshqasi to‘rt marotaba degan. Guvohlardan biri Kaplan to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘q uzdi deya ta’kidlagan bo‘lsa, boshqasi bir bolakay ortiga yashiringandi degan, yana biri esa dohiydan 15—20 qadam uzoq bo‘lganini aytgan.

O‘q uzilgan “Brauning” pistoleti topilmagan. “Izvestiya” gazetasi orqali e’lon berishga ham to‘g‘ri kelgan. Shundan so‘ng Kuznetsov ismli ishchi bir pistoletni olib kelib, uni otishma joyidan topib olganini bildirgan. Pistolet yettita patronga mo‘ljallangan, magazinida esa to‘rtta o‘q bo‘lgan, suiqasd joyidan esa to‘rtta gilza topilgan. Jami — sakkizta. Demak, yana kimdir o‘q uzgan?

Jumboq osonlikcha yechilgan: magazinda yettita patron bo‘lgan, yana bittasi — keyin qo‘yilgan. Tergov buni tezda hal etgan. Leninning tanasidan chiqarib olingan o‘q “Brauning” o‘qini kalibridan farq qilishi hech narsa bilan isbotlanmagan. Bundan tashqari, 1990-yillarda o‘tkazilgan ballistik ekspertiza Leninning tanasidan olingan o‘q aynan shu pistoletdan otilganini ko‘rsatgan. Ko‘pchilik ta’kidlaganidek, o‘q zaharlangan bo‘lmagan.

“Lenin 1918-yilda” filmidan kadr

Ma’lumotlarga ko‘ra, Kaplanning ko‘rish qobiliyati rostdan yomon bo‘lgan. Ammo u yaqindan turib o‘t ochgani sabab, adashishi qiyin edi. Bundan tashqari, u quroldan foydalanishni yaxshi bilgan. 1906-yilda ham politsiya uni revolver bilan hibsga olgan. Kaplanning ehtimoliy sheriklari bo‘lgani haqida ham turfa versiyalar mavjud. Avvaliga mitingdan keyin Lenin bilan gaplashib, uni mashina oldida tutib qolgan Pavlovsk shifoxonasi nazoratchisi Popova gumonlangan. U ham yaralangan — Lenining haydovchisi tomonidan. Biroq Popova hech qanday aloqasi bo‘lganiga bois qo‘yib yuborilgan. Kaplanning hibsga olingan ingliz elchisi Lokkart bilan ham aloqasi bo‘lgani aytilgan, biroq ammo bu ham isbotlanmagan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonda noqonuniy yer oldi-sotdisi bo‘yicha rekord yangilanmoqda
Mahalliy
Namanganda Cobalt traktor tirkamasiga borib urilishidan ikki kishi halok bo‘ldi
Mahalliy
Ozarbayjon aviakompaniyasi Bokudan Samarqandga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi