Bugun,

  • USD 10920.28
  • RUB 177.49
  • EUR 11052.42

Bugun, 4-avgust kuni Senat yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonovning ma’ruzasi tinglandi.

Agentlik direktori o‘z chiqishida o‘tgan yili Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida 56 milliard so‘mlik xato va kamchiliklar aniqlanganini aytdi. Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev bu raqamlarga e’tiroz bildirdi.

Behzod Musayev
Foto: “Daryo”
Juda katta raqamlar qo‘yilib ketmoqda. Hisobotning 34-varag‘ida 50 milliard so‘m, 45-varag‘ida 56 milliard so‘mlik moliyaviy kamchiliklar aniqlangan, deyilyapti. Bir narsaga aniqlik kiritib olishimiz kerak. Bu hisobot moliyaviy nazorat organidan olingan ma’lumotlar asosida tayyorlangan. Moliyaviy nazorat organi korrupsiyani aniqladi, deylik. Bu korrupsiyaviy holat bo‘ldimi, yo‘qmi hali, buni sud isbotladimi, yo‘qmi.

Bizning tibbiyot tizimida 500 ming nafardan ortiq xodim ishlaydi. Hisobotda tibbiyot eng korrupsion soha deb xulosa qilinyapti. Qani, o‘sha 395 ta tashkilot? Biz shu ma’lumotlarni ko‘rganimizdan beri tagiga yetgimiz kelyapti. Qaysi tashkilotimizda shunday katta moliyaviy kamchiliklar aniqlandi? Shunday katta korrupsion holat aniqlangan bo‘lsa, nega kattaroq tibbiyot tizimi rahbariga nisbatan sud tomonidan qat’iy jazo choralari ko‘rilmagan? Bu kamchiliklar sudda o‘z dalil-isbotini topmagan. Bundan tashqari, shu monitoring natijasida 50 milliard so‘mdan 35 milliard so‘mi maqsadsiz xarajatlar o‘z vaqtida aniqlandi va iqtisod qilinishiga erishildi, deyilyapti. Bu hali korrupsion holat emas. Meni bitta taklifim: bunday hisobotni yuqori darajaga olib chiqilishidan avval vazirlik bilan har bir holatni ko‘rib chiqsak va yakuniy to‘xtamga kelingan raqamni olib chiqsak, to‘g‘riroq bo‘lardi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva Behzod Musayevning bu so‘zlariga e’tiroz bildirib, mazkur ma’lumotlar asosli ekaniga ishonishini aytdi.

Tanzila Norboyeva
Foto: “Daryo”
Behzod Anvarovich, birinchidan mazkur masalalarni bu yerda ko‘tarishingiz noo‘rin. O‘ylaymanki, bu ma’lumotlarning tagida asosi bor. Asossiz narsani Senat yalpi majlisiga olib chiqilmaydi. Shuncha savolingiz bor ekan, Akmal Eshondadayevichni nima uchun Sog‘liqni saqlash vazirligiga oldinroq chaqirib, shu masalalarni muhokama qilib, avvalroq chora-tadbirlarni belgilamagansiz? Bu yer adi-badi aytishib o‘tiradigan auditoriya emas. Agentlik rahbari bizga ma’ruzasini taqdim qilishi kerak. Biz uni eshitib, o‘zimizning topshiriqlarimizni agentlikka berishimiz lozim. Hozir agar siz buni gapiradigan bo‘lsangiz, xalq ta’limi vaziri chiqib o‘z masalasini gapirsa, yana boshqalar chiqsa, bu boshqacha bir maydonga aylanib ketadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish masalasini har bir vazirlik o‘z ustuvor vazifasi deb bilishi kerak. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzildimi, birga ishlab, muammoni hal qilish zarur.
Akmal Burxonov vazirning e’tirozlariga javob qaytardi. Agentlik rahbarining ma’lum qilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi 2021-yilda O‘zbekiston bo‘yicha eng ko‘p korrupsiya aniqlangan davlat tashkilotlari reytingida birinchi o‘rinni egallagan.

Akmal Burxonov
Foto: “Daryo”
Bir narsani ta’kidlamoqchimanki, ma’ruzam faqat agentlik tomonidangina ishlab chiqilgan emas. Moliyaviy xato va kamchiliklar Moliya vazirligi, Hisob palatasi va boshqa nazorat qiluvchi organlar tomonidan aniqlanib, umumlashtirilgan. Bitta misol keltiraman: ommaviy axborot vositalarida chiqayotgan ma’lumotlarga e’tibor berilsa, 6 oylik yakunlar bo‘yicha (2022-yil-tahr.) xursand bo‘lishimiz kerakki, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi ikkinchi o‘ringa tushdi (korrupsiya reytingida-tahr.). Bank tizimi birinchi o‘ringa chiqdi. Biz keltirayotgan bu yerdagi statistika aynan sudlar tomonidan ko‘rib chiqilib, hukm chiqarilgan ishlar bo‘yicha. O‘tgan yili Sog‘liqni saqlash vazirligi reytingda birinchi o‘rinda egallagan. Va albatta, bu ma’ruzaga shubha bo‘lmasligini so‘rardim. Ma’ruza mart oyida tayyorlangan. Vazirlik va idoralarga ham yuborilgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Andijonda bank xodimlari bankomatlarga joylashtirish uchun ajratilgan 111 mln so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi
Mahalliy
O‘zbekistonda magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovini qoplab berish tartibi belgilandi
Mahalliy
Toshkentdagi klinikada janjal ko‘targan opa-singilga sud hukmi o‘qildi