Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Ijtimoiy tarmoqlarda ayol yosh go‘dagiga shafqatsiz munosabatda bo‘layotgani aks etgan video tarqalgandi. Voqea Samarqand viloyati Payariq tumani 1-son Chelak shifoxonasida sodir bo‘lgan. O‘zbekistonda Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova farzandini zo‘ravonlik bilan “tarbiyalaydigan” ota-onalardan ularni olib qo‘yishni taklif qildi.

Skrinshot: video

Skrinshot: video

“Bu bizga ma’lum bo‘lgan (Samarqanddagi voqea — tahr.) holatlardan biri, xolos. Lekin to‘rt devor orasida yashirincha sodir bo‘layotgan holatlar ham bor ekanini barchamiz bilamiz. Afsuski, jamiyatda befarqlik kayfiyatining borligi sabab bolalarga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonlik holatlariga qo‘l siltab, ‘menga nima’ qabilida ish ko‘radiganlar ham yo‘q emas”, — deydi u.

Yunusova Samarqand viloyatidagi shifoxonada sodir bo‘lgan holatda, palatada ona-boladan tashqari kamida ikki nafar shaxs bo‘lgan, ularning shovqinini kasalxona xodimlari va shifokorlar nima sababdan eshitishmagani, nega darhol bolani ona qo‘lidan tortib olib, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga murojaat qilinmagani haqida savollarni o‘rtaga tashlagan.

BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining 19-moddasida ishtirokchi-davlatlar bolani jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikning, haqoratlash va suiiste’molliklar, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik yoki beparvolik bilan muomalada bo‘lish, qo‘pol muomala qilish yoki ota-ona, qonuniy vasiylar yoki bola haqida g‘amxo‘rlik qiluvchi har qanday boshqa shaxs tomonidan ekspluatatsiya qilish, jumladan, shahvoniy suiiste’molliklar sodir etishning har qanday shakllaridan himoyalash maqsadida jamiki zarur qonuniy, ma’muriy, ijtimoiy va ma’rifiy chora-tadbirlarni ko‘rishi kerakligi belgilangan.

“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 10–11-moddalariga muvofiq, davlat bolani zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan, jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan himoya qilinishini amalga oshiradi.

Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi, ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslar, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror, sud tomonidan amalga oshiriladi. Bola ota-ona va ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan qilinadigan suiiste’molchilikdan himoyalanish huquqiga ega.

Ta’kidlanishicha, bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganidan, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganidan xabardor bo‘lgan shaxslar bu haqda bola haqiqatda turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga ma’lum qilishlari shart. Shunday ma’lumotlar olingan taqdirda, vasiylik va homiylik organi bolaning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi shart.

“Amaldagi qonunchilikda shuncha normalar bo‘lishiga qaramay, bolalar baribir aziyat chekishyapti. Ota-onalarning zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yishi, farzandiga nisbatan qo‘pol va shafqatsiz muomala qilishlari – kechirib bo‘lmas xato. Har bir kishi qonunlar bilan belgilangan mas’uliyatini va majburiyatini zimmasiga olishga va uni bajarishga majbur.

Aks holda davlat bolalarni zo‘ravonlik va kuch bilan ‘tarbiyalaydigan’ ota-onalardan farzandini olib qo‘yish mexanizmini ishlab chiqishga majbur bo‘ladi. Bolalar ozor chekmasligi uchun Bola huquqlari bo‘yicha vakil ushbu taklifni ilgari suradi va buni to‘g‘ri deb hisoblaydi. Odamlar oxir-oqibat jamiyatimiz ham bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligini va bu aslo qabul qilinmasligini e’lon qilishi kerak. Bolaning begonasi bo‘lmaydi. Shunday holatga duch keldingizmi, darhol chora ko‘ring. Jamoatchilik nazoratining kuchi faqat ijtimoiy tarmoqlarga tarqatiladigan videolardan keyingina ishlashi kerak emas. Bolalar uchun har birimiz mas’ulmiz”, — deydi Bola huquqlari bo‘yicha vakil.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Rossiyaning Nyu-Yorkdagi bosh konsulligi binosi qizil bo‘yoqqa bo‘yaldi (video)
Dunyo
“Zelenskiy NATOga ariza topshirib, dunyoga uchinchi jahon urushini taklif qilmoqda” — Dmitriy Medvedev
Dunyo
“Biz muloqotga tayyormiz, ammo boshqa prezident bilan” — Zelenskiy Rossiyada prezident almashsagina muzokaralar stoliga qaytishini ta’kidladi