Angliya Premyer Ligasi 2021/22-yilgi mavsumning eng yaxshi murabbiyi nomiga nomzodlar ro‘yxatini e’lon qildi.

Foto: Instagram

Unga ko‘ra yakuniy ro‘yxatdan 5 nafar mutaxassis o‘rin oldi. Bular: Pep Gvardiola (“Manchester Siti”), Tomas Frank (“Brentford”), Eddi Hau (“Nyukasl”), Yurgen Klopp (“Liverpul”) va Patrik Viyeyra (“Kristal Pelas”).

Gvardiola besh mavsumda to‘rtinchi bor Angliya chempionligini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Mavsum yakunlanishiga 2 tur qolganda “shaharliklar” 89 ochko bilan eng yaqin ta’qibchisidan 3 ochko o‘zib ketgan. Gvardiola shogirdlarini chempionlikdan 4 ochko ajratib turibdi.

Tomas Frank esa APLdagi debyut mavsumida jamoani 13-pog‘onaga qadar olib chiqdi. Agar stabillikni ushlab qolsa, shu joyida yoki undan ham yuqoriroqda joylashishi mumkin. Undan tashqari Frank jamoasi ushbu mavsumda “Chelsi”, “Vest Hem” va “Arsenal”ni mag‘lub eta oldi.

“Nyukasl” 2021/22-yilgi mavsumning dastlabki 14 turida birorta g‘alaba qozona olmadi. Hau 2021-yil noyabr oyida jamoani qabul qilib oldi. “Nyukasl” o‘shanda 5 ochkoga ega edi. Shu vaqtga qadar Eddi qo‘l ostida jamoa 43 ochko jamg‘ardi va 14-o‘ringa qadar ko‘tarildi.

Klopp ikkinchi marta chempionlikni nishonlash uchun kurash olib bormoqda. Hozirda “Manchester Siti”dan 3 ochko ortda.

Premyer Liga bosh murabbiyi sifatida o‘zining ilk mavsumida Viyeyra “Kristal Pelas” bilan 11-pog‘onagacha ko‘tarildi.

APLda mavsumning eng yaxshi murabbiyi bo‘lish uchun nomzodlarning ko‘rsatkichlari:

1. Pep Gvardiola — 36 o‘yinda 28 ta g‘alaba, 5 ta durang, APLda hozirda 1-o‘rin;

2. Tomas Frank — 36 o‘yinda 12 ta g‘alaba, 7 ta durang, APLda 13-o‘rin;

3. Eddi Hau — 25 o‘yinda 11 ta g‘alaba, 5 ta durang, APLda 14-o‘rin;

4. Yurgen Klopp — 36 o‘yinda 26 ta g‘alaba, 8 ta durang, APLda 2-o‘rin;

5. Patrik Viyeyra — 35 ta o‘yinda 10 ta g‘alaba, 14 ta durang, APLda 11-o‘rin.