Futbol bo‘yicha Angliya Premyer Ligasining 22-turidan o‘rin olgan qoldirilgan o‘yinda “Tottenhem” 12-may, payshanba kuni “Arsenal” bilan bahs olib bordi.

Foto: Getty Images

“Tottenhem” mezbonligida o‘tgan o‘yin “shporlar”ning yirik g‘alabasi bilan yakunlandi. 22-daqiqada Harri Keyn penaltidan hisobni ochdi, 37-daqiqaga kelib, Keyn burchakdan oshirilgan to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘llab, dublni rasmiylashtirdi. Ikkinchi bo‘lim avvalida esa Son Hyon Min jarima maydonchasi ichidan ajoyib zarbasi bilan hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi — 3:0.

Qayd etish kerak, “to‘pchilar” 33-daqiqadan boshlab maydonda bir kishi kam bo‘lib qoldi. Rob Holding qizil kartochka olib, maydonni sheriklaridan erta tark etdi.

Shu tariqa “Tottenhem” kutilmaganda London derbisida “Arsenal”ni tor-mor keltirdi. G‘alabadan keyin Antonio Konte jamoasining ochkolari soni 65 taga yetdi, jamoa 5-o‘rinda bormoqda. 4-o‘rindagi “Arsenal”ning hisobida 66 ochko mavjud. Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan jamoalar o‘rtasidagi farq musobaqa yakunlanishiga ikki tur qolganida bir ochkoni tashkil qilmoqda.

APL

22-tur bahsi

12-may, payshanba

“Tottenhem” – “Arsenal” 3:0

Gollar: 1:0 – 22, penalti Keyn, 2:0 – 37 Keyn, 3:0 – 47 Son Hyon Min.

“Tottenhem”: Lyoris, Emerson, Dayer, Devis (Rodon, 82), Sanches, Sessenyon, Son Hyon Min (Bergveyn, 72), Heybyerg, Bentankur, Kulusevski (Lukas Moura, 72), Keyn.

“Arsenal”: Remsdeyl, Soaresh, Holding, Gabriel (Nunu Tavaresh, 76), Tomiyasu, Jaka, En-Nenni, Edegor, Nketia (Lyakazett, 73), Martinelli (Smit-Rou, 64), Saka.

Ogohlantirishlar: Devis (17), Holding (26), Smit-Rou (86), Edegor (88), Jaka (90).

Chetlatishlar: Holding (33).