Daryo

Silk Avia kompaniyasi 1-oktabrga qadar tashkil etiladi — prezident topshirig‘i

Shuningdek, 1-iyuldan “Ziyorat turizmi” dasturi doirasida xorijiy aviakompaniyalarga ko‘rsatiladigan xizmatlarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi

2 daqiqa o‘qish22 576 ko‘rishlar0 izoh0

Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda xorijiy va ichki sayyohlarning aviaqatnovlarga bo‘lgan talabini qondirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.

Qayd etilishicha, aviaqatnovlarga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida:
  • 1-iyuldan “Ziyorat turizmi” dasturi doirasida xorijiy aviakompaniyalarga ko‘rsatiladigan xizmatlarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi;
  • yil yakunigacha mahalliy aviaqatnovlar soni haftasiga 48 tadan 60 taga, tutashuvchi qatnovlar soni 4 tadan 6 taga yetkaziladi;
  • 1-oktabrga qadar mahalliy aviaqatnovlarga mo‘ljallangan yangi Silk Avia aviakompaniyasi tashkil etiladi;
  • aviatashish xarajatlarini kamaytirish maqsadida 9 ta samolyot to‘liq ekonom-klassga o‘tkaziladi (bunda tariflar 20 foizga arzonlashadi).
Turizm va Transport vazirliklariga bir oy muddatda turizm sohasida transport infratuzilmasini yaxshilash konsepsiyasini taqdimot qilish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Transport vazirligi tashabbusi bilan Uzbekistan Airports AJ Silk Avia mintaqaviy sho‘ba aviakompaniyasini tashkil etayotgani, yangi aviatashuvchi 2022-yildan parvozlarni boshlashi haqida xabar berilgandi.

Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida so‘zga chiqib, tashkil etilayotgan Silk Avia mintaqaviy aviakompaniyasining ayrim tafsilotlarini ma’lum qilgan:

“Bu yerda mintaqaviy aviatashuvlar yo‘q va ularni rivojlantirish kerak. Biz hozirda 40 ga yaqin yo‘nalishni ochmoqchimiz. Bu ichki turizm rivojiga ham katta hissa qo‘shadi.

E’tibor bersam, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi sayyohlik yo‘nalishlariga ham insonlar yo chipta yo‘qligi, yoki qimmatligi sabab poyezd, avtobus yoxud taksida borishga majbur. Men ichki yo‘nalishlar bo‘yicha statistik ma’lumotlarni ko‘rib chiqdim – 2021 yilda biz millionga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdik. Albatta, talab katta. Aholi mamlakat bo‘ylab harakatlanishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Shuning uchun biz ishlarni jadal sur’atlarda olib bormoqdamiz, umid qilamizki, kuzgacha samolyotlarni yetkazib beramiz va ilk parvozlarni amalga oshirishni boshlaymiz”. Mavzuga doir:
Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar