Daryo

Toshkentning “Minor” metro bekati yonida avtobus yongani to‘g‘risidagi xabarlar rad etildi

Ma’lum bo‘lishicha, avtobus kompressoridan katta bosimli havo chiqqani sabab haydovchi yong‘in deb o‘ylagan va “ognetushitel”dan foydalangan

1 daqiqa o‘qish20 886 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: FVV matbuot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda “Minor” metro bekati oldida avtobus yonayotgani aytilgan video tarqaldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi mazkur holat bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib borib, jamoat transport vositasida hech qanday yong‘in sodir bo‘lmaganini ma’lum qildi.

Foto: FVV matbuot xizmati

Ma’lumotlarga ko‘ra, videoda tasvirlangan holat 19-aprel kuni soat 12:20 lar atrofida Toshkent shahri Yunusobod tumani Amir Temur ko‘chasi “Minor” MFYda 24-yo‘nalish bo‘yicha harakatlanayotgan Mercedes-Benz rusumli avtobusda sodir bo‘lgan. Ammo bu bo‘yicha Toshkent shahar FVBga hech qanday ma’lumot kelib tushmagan.

Yunusobod tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan joyiga chiqib, o‘rganilganda avtobusda hech qanday yong‘in sodir bo‘lmagani aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, avtobus kompressoridan katta bosimli havo o‘tish shlangi orqali havo chiqqani sababli haydovchi yong‘in sodir bo‘ldi, degan taxmin bilan birlamchi yong‘in o‘chirish vositasidan (“ognetushitel”) foydalangani bois tutun hosil bo‘lib, yong‘in sifatida ko‘ringan. Avtobusga hech qanday zarar yetmagan.

“Shu o‘rinda Favqulodda vaziyatlar vazirligi barcha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan asossiz, noto‘g‘ri xabarlarni tarqatmaslikni so‘rab qoladi”, — deyiladi xabarda.

Bundan oldin Toshkent viloyatida Isuzu avtobusi, Sergeli tumanida 47-yo‘nalishda qatnaydigan Mercedes avtobusida yong‘in chiqqandi.

Mavzuga doir: “Toshshahartransxizmat” Mercedes avtobusida nima sababdan yong‘in chiqqanini ma’lum qildi

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar