Qozog‘istonda prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevning topshirig‘iga ko‘ra, mahalliy aholiga yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan “Qozog‘iston xalqi uchun” ijtimoiy jamoa fondi tashkil etildi, deb xabar beradi “Kommersant”. U biznesmenlar tomonidan fondga “muntazam va katta mablag‘lar o‘tkazilishini” kutayotgani haqida gapirgan.

Foto: “TASS”

Sobiq moliya vaziri Bolat Jamishev fondning raisi etib saylangan. “Fond Qozog‘iston aholisiga sog‘liqni saqlash, ta’lim va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, madaniyat va sport sohalarida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan chora-tadbirlardan tashqari qo‘shimcha yordam ko‘rsatish masalalari bo‘yicha xayriya yordami ko‘rsatish vazifalarini bajaradi”, — deyiladi fond xabarida.

Fond, xususan, favqulodda vaziyatlardan jabr ko‘rgan, shuningdek, halok bo‘lgan huquq-tartibot organlari xodimlarining oilalariga yordam ko‘rsatadi. U xususiy manbalar va xalqaro xayriya tashkilotlari tomonidan moliyalashtiriladi. Ta’kidlanishicha, mahalliy lotereya operatori, bukmekerlik markazi va “boshqa monopolistlar”, shuningdek, “yirik bizneslar” jamg‘armaga pul ajratishlari shart.

Fond badallarning aniq miqdori va ular qancha vaqtda o‘tkazib turilishi to‘g‘risida ma’lumot berilmagan. To‘qayev sobiq prezident Nursulton Nazarboyev davrida boyib ketgan tadbirkorlar ham fondga pul o‘tkazishiga umid qilmoqda.

Avvalroq To‘qayev amaldorlarning maoshini besh yilga muzlatgani, oligarxlardan esa boylikni xalq bilan bo‘lishishni talab qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.