O‘zbekiston miqyosida daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytiriladi.
Yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 25 foizidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan va ma’nan eskirgan bino va inshootlarni renovatsiya qilish bundan mustasno.
Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yo‘q qilishni nazarda tutuvchi ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olgan hukumat farmoyishlari, bayonnomalar, yozma topshiriqlar, idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ko‘rsatmalari va qarorlarini qabul qilish qat’iyan taqiqlanadi.
2022-yil 1-sentabrgacha “Yashil makon” platformasi ishga tushiriladi. 1-martdan boshlab:
- daraxt va butalarning zararkunandalari hamda kasalliklariga qarshi kurashish tadbirlariga mahalliy budjetlar qo‘shimcha manbalarining 2 foizigacha miqdordagi mablag‘lari ajratiladi;
- o‘simliklar dunyosi obyektlari davlat kadastri tarkibida respublikaning barcha hududlaridagi va har qanday turdagi daraxtlarning hisobini yuritish hamda ularni biriktirish uchun “Daraxtlar reyestri” tizimi joriy etiladi.
Farmonga ko‘ra, respublikadagi davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar quyidagi tartibda to‘liq raqamlashtirish yo‘li bilan xatlovdan o‘tkaziladi:
- 2023-yil 1-martgacha — Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Namangan, Andijon va Jizzax viloyatlari bo‘yicha;
- 2023-yil 1-sentabrgacha — Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikaning boshqa viloyatlari bo‘yicha.
Avvalroq O‘zbekistonda noqonuniy daraxt kesish holatlarini foto va videotasvirga olib jo‘natgan fuqarolarga pul to‘lanishi xabar qilingandi. Fuqarolar har bir tasdiqlangan holat bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining bir baravariga teng mablag‘ bilan rag‘batlantiriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda daraxtlarni kesishga moratoriy 2024-yilga qadar uzaytirilishi va ekopolitsiya tashkil etilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Mavzuga doir:
- O‘zbekistonda 2021-yilning 10 oyi davomida daraxtlarning noqonuniy kesilishidan keltirilgan zarar 10 mlrd so‘mdan oshdi
- Shavkat Mirziyoyev: “Daraxtlarning kesilishi xalqimizning o‘pkasiga zarar qilmoqda”
- Rasul Kusherbayev: “Denovda 109 tup daraxtning noqonuniy kesilishi yuzasidan nega jinoyat ishi qo‘zg‘atilmadi?”