Daryo

AQShda “omikron” bilan bog‘liq birinchi o‘lim holati qayd etildi

Vafot etgan inson vaksinatsiyadan o‘tmagan va uning sog‘lig‘ida jiddiy muammolari bo‘lgan

1 daqiqa o‘qish30 172 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Reuters

AQShda koronavirusning yangi “omikron” shtammi bilan kasallangan bemorning vafot etishiga bog‘liq birinchi holat qayd etildi. Bu haqda ABC News’ga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: Reuters

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, vafot etgan inson — Texas shtatining Xarris okrugida yashovchi 50 yoshlar atrofidagi erkak.

Mahalliy sog‘liqni saqlash organlari vakillarining ma’lum qilishicha, erkak vaksinatsiyadan o‘tmagan va uning sog‘lig‘ida jiddiy muammolari bo‘lgan.

AQSh Kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazi (CDC) ma’lumotlariga ko‘ra, “omikron” shtammi koronavirusning mamlakatda eng ko‘p tarqalgan variantiga aylangan. O‘tgan hafta davomida yig‘ilgan ma’lumotlar bo‘yicha, u kasallarning 73,2 foizida qayd etilgan. Shu bilan birga, AQShning ayrim hududlarida, xususan, mamlakatning janubi-sharqiy va shimoli-g‘arbiy qismlarida “omikron” shtammi bilan kasallanganlar ulushi 90 foizdan oshmoqda.

CDC ma’lumotlari genlarni sekvenirlash natijalariga, shuningdek, so‘nggi ikki haftadagi Nowcast tahliliy modeli prognozlariga bog‘liq. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan hafta davomida delta shtamm bilan kasallanish 26,6 foizni, qolgan variantlar esa 0,1 foizni tashkil etgan.

AQShda koronavirus bilan kasallanganlar soni 51 million kishidan oshgan, hozirga qadar 807 mingdan ziyod bemor vafot etgan.

Avvalroq Boris Jonson Britaniyada “omikron” shtammi bilan kasallangan bemor vafot etganini ma’lum qilgandi. Mavzuga doir:  Koronavirusning yangi “omikron” shtammi birinchi marta 11-noyabr kuni Janubiy Afrikada topilgan. Britaniyalik olimlarning ta’kidlashicha, yangi shtamm tarqalish tezligi tufayli avvalgilariga, jumladan, deltaga qaraganda xavfliroq bo‘lishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mavjud vaksinalar ushbu shtammga qarshi samarasiz bo‘lishi mumkin, degan shubhalar tufayli “omikron”ni xavfli deb tan oldi. Tashkilot, shuningdek, ilgari koronavirusni boshdan o‘tkazganlarda “omikron” bilan qayta kasallanish ehtimoli yuqoriligini ma’lum qildi.
Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar