Tesla kompaniyasi Yevropadagi birinchi “Gigafabrika”si — Berlin janubi-sharqidagi Gryunxayd tumanida joylashgan zavodning ochilishini tantanali tarzda nishonladi. Tadbirda 9 ming kishi ishtirok etgan bo‘lib, didjeylar taklif etilgan va bolalar hamda kattalar uchun turli tadbirlar uyushtirilgan. Kompaniya rahbari Ilon Mask nemis tilida tabrik nutqini so‘zlagan va kelajakda korxona hududida vokzal hamda pivo zavodi qurilishiga va’da bergan, deb yozadi Motor.

Foto: Twitter

Berlinda koronavirus pandemiyasi sabab ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga cheklov o‘rnatilgan — bir joyda to‘planadigan odamlar soni 5 ming kishidan oshmasligi kerak. Biroq Mask mahalliy hukumatdan o‘z tadbiriga taklif etiladigan mehmonlar sonini qariyb ikki barobarga oshirishga ruxsat olgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat va videolarga, shuningdek, tadbir ishtirokchilarш tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Tesla 9 ming kishini to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.

Tashrif buyuruvchilar uchun zavod bo‘ylab ekskursiya uyushtirilgan bo‘lib, u yerda elektrokar ishlab chiqaruvchi robotlar sinxron raqsga tushishga dasturlashtirilgan, ayrimlari esa turli kartinalarni chizgan. Korxona hududiga didjeylar tuni bilan konsert uyushtirishi uchun ulkan charxparak va sahna o‘rnatilgan, havo sharlaridan yasalgan ulkan robotlar ommani qizdirgan.

Foto: Tesla

Maskning so‘zlariga ko‘ra, zavodda 12 mingga yaqin odam ishlaydi, ishlab chiqarish hajmi yiliga 500 ming elektromobilni tashkil etadi. Yangi “Gigafabrika” konveyeridan birinchi mashinalar keyingi olti haftadan boshlab chiqadi.

Foto: Twitter

Foto: Twitter

Yevropadagi “Gigafakrika”ni qurish ishlari 2019-yilda boshlangan va qator muammolarga duch kelgan. Qurilish maydonida ishlar turli sabablarga ko‘ra bir necha bor to‘xtab qolgan — masalan, hududda topilgan Ikkinchi jahon urushiga oid jangovar o‘q-dorilar, keyinroq — kaltakesak va ilonlar populyatsiyasiga zarar yetkazilishi xavfi sabab. 2021-yilning mayida radikal faollar korxonadagi yuqori voltli kabellarni yoqib yuborgan.