Samsung kompaniyasi buklanuvchan ekranga ega flagman smartfonining yangi avlodi — W22 5G 13-oktabr kuni Xanchjou Katta teatrida taqdim etilishini ma’lum qildi, deb yozadi IXBT.

Foto: IXBT

Samsung W seriyasi Galaxy S va Galaxy Note seriyalaridan ko‘ra yuqori sinfga kiruvchi flagman mahsulotlar hisoblanadi. U Samsung va China Telecom tomonidan yaratilgan “Dunyo yuragi” zamonaviy flagmanlar seriyasiga kiradi. Orqa qismidan “Dunyo yuragi” logotipi o‘rin oladi. Ma’lum qilinishicha, Samsung W22 5G modeli iPhone 13 Pro Max’dan qimmatroq narxda sotuvga chiqadi.

Samsung W20 dan boshlab W seriyasiga kiruvchi smartfonlar Galaxy Fold lineykasining modifikatsiya qilingan versiyalari hisoblanadi. Samsung W22 5G ham bundan chetda qolmaydi. Avvalroq taqdim etilgan tasvirlarga ko‘ra, Samsung W22 5G smartfoni Samsung Z Fold 3 asosida yaratilgan, ya’ni 7,6 dyuymli ekranga ega bo‘lgan.

Telefon Qualcomm Snapdragon 888 protsessori, 16 gigabayt tezkor va 512 gigabayt ichki xotirada ishlaydi. Qurilma narxi 3100 dollardan qimmat bo‘lishi aytilmoqda. Ta’kidlash kerakki, iPhone 13 Pro Max narxi 1099 dollardan boshlanadi.

Avvalroq Samsung o‘zining Galaxy M52 — avtonomlik bo‘yicha “maxluqi”ni 365 dollardan sotuvga chiqarishi, Galaxy S22 modeli Samsung’ning eng kichik flagmaniga aylanishi to‘g‘risida xabar berilgandi.