O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyiga o‘quvchilarni o‘qishga qabul qilish uchun tanlov e’lon qildi. Bu haqda DXX “Daryo”ga xabar qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 28-iyundagi “O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4375-sonli qarori qabul qilingan.
Qarorga muvofiq “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyga o‘qishga kirish istagini bildirgan 2021-yilda umumta’lim maktablarining 9-sinfda o‘qiyotgan o‘quvchilar 2021-yil 5-sentabr kunidan 5-oktabr kunigacha Davlat xavfsizlik xizmatining viloyat (shahar) va tuman bo‘limlariga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatini “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyda o‘qish istagini bildirgan o‘quvchilar uchun xizmatning hududiy bo‘limlarida harbiy-kasbiy tanlash tadbirlari o‘tkaziladi. Ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan test sinovlarida ishtirok etadi.
Test sinovlari tarix hamda chet tili (ingliz) fanlaridan o‘tkaziladi.