Aurus avtomobil motori asosida yaratilgan dvigatelga ega samolyotning birinchi parvozi 2021-yil oxiri yoki 2022-yilning boshida amalga oshiriladi. Bu haqda Aviatsiya motorsozligi markaziy instituti bosh direktori Mixail Gordinga tayanib, Motor xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, APD-500 indeksi ostidagi motor hozirda o‘rnatilishga tayyor: to‘rt o‘rinli yengil Yak-18T’ga mazkur dvigatel o‘rnatiladi. Samolyot to‘laqonli parvozlarni amalga oshirishdan oldin sinovlardan o‘tkaziladi.
Biroq Yak-18T V8 modifikatsiyasi o‘rnatiladigan yagona samolyot bo‘lmaydi. Muhandislar parallel ravishda yengil akrobatik samolyotlar motori ustida ham ish olib bormoqda: bu kabi motorni qish faslida taqdim etish rejalashtirilgan, keyinroq esa mashg‘ulotlarga mo‘ljallangan Yak-52 bazasida sinovdan o‘tkazish boshlanadi.
Gordinning so‘zlariga ko‘ra, sinovlardan keyin APD-500 ni donali yoki seriyali ishlab chiqarish masalasi hal etiladi. Ikkinchi holatda motorni seriyali uchish apparatlariga o‘rnatish mumkin bo‘ladi, biroq ishlab chiqarishni tashkillashtirish uchun 2,5 yilgacha davom etadigan tajriba-konstruktorlik ishlari talab etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning aprelida Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov anchadan buyon Aurus limuzinidan foydalanib kelayotgan mamlakat prezidenti Vladimir Putin dastlabki vaqtlarda avtomobilning texnik jihatlarini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berib kelganini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)