“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lib o‘tayotgan bayram tadbirida nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistondagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri ma’lum qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“So‘nggi kunlarda yon qo‘shnimiz Afg‘onistonda yuz berayotgan voqealarni hammamiz tashvish bilan kuzatib turibmiz. Biz bu mamlakatda tezroq tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi tarafdorimiz.

Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashda ko‘prik vazifasini bajara olishiga ishonamiz.

Afg‘oniston bilan aloqalarimizda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga sodiq qolamiz.

Ushbu mamlakatda hokimiyat tranziti xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlarini inobatga olgan holda, milliy kelishuv asosida tinch yo‘l bilan amalga oshirilishi o‘ta muhim, deb hisoblaymiz”, – deydi davlat rahbari.

Bundan tashqari Prezident O‘zbekistonning turli xalqaro tashkilotlardagi faoliyati haqida so‘z yuritdi.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kabi xalqaro tuzilmalar bilan aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichda davom ettirilmoqda. 2019-yilda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga to‘la huquqli a’zo bo‘ldik. Bu mamlakatimiz uchun xalqaro maydonda yangi iqtisodiy, siyosiy va madaniy imkoniyatlar ochib berdi.

O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat maqomida qisqa davrda samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yishga erishdi. 2020-yilda mamlakatimiz ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida raislik qildi. Bu davr pandemiya sharoitida o‘tganiga qaramasdan, O‘zbekistonning bu boradagi faoliyati muvaffaqiyatli tashkil etildi va yuqori baholandi.

Bu yil Shanxay hamkorlik tashkiloti raisligini qabul qilib olamiz va uning kelgusi yili o‘tadigan Sammitiga puxta tayyorgarlik ko‘ryapmiz”, – deydi Shavkat Mirziyoyev.