Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tayotgan davlat tadbirida so‘zlagan nutqida mamlakatda erishilayotgan iqtisodiy yutuqlar haqida gapirdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri ma’lum qildi.

Elektroenergetika, neft-gaz, kommunal sohalarda amalga oshirilgan tarkibiy o‘zgarishlar natijasida davlat boshqaruvi va xo‘jalik funksiyalari bir-biridan ajratildi, raqobat muhitini yaratish uchun muhim qadamlar tashlandi.

Ayni paytda yangi-yangi infratuzilma tarmoqlari barpo etildi. Minglab kilometr uzunlikdagi yangi yo‘llar, elektr va gaz tarmoqlari qurildi va ta’mirlandi.

Jamoat transporti izchil rivojlanmoqda. Jumladan, Toshkent shahrida 2 ta yangi metro stansiyasi hamda qariyb 12 kilometrlik yer usti metro liniyasi foydalanishga topshirildi.

“Sergeli” yo‘nalishi bo‘yicha 6,2 kilometrlik qurilish ishlari yakunlandi.

Ayni paytda O‘zbekistonda ko‘plab yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash joiz. Shular qatorida yaqinda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qiymati 2 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan 3-mis boyitish fabrikasi qurilishiga tamal toshi qo‘yilganidan barchangiz xabardorsiz.

Kuni kecha Navoiy viloyatining Karmana tumanida 110 million dollar investitsiya hisobidan ishga tushirilgan quyosh elektr stansiyasi O‘zbekiston energetika tizimida birinchi ulkan qadam bo‘ldi.

Ayni paytda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida ikkita yangi zavod – azot kislotasi hamda ammiak va karbamid ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirildi. Umumiy qiymati 1,5 milliard dollar bo‘lgan ushbu loyihalar evaziga “Navoiyazot”da mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3 barobarga oshadi.

Bunday muhim voqealar milliy sanoatimiz tarixida yangi davr boshlanayotganidan dalolat beradi.

Yurtimizda kichik va xususiy biznes subyektlari ikki barobar ko‘payib, sohada 1 million 400 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu korxonalarning yarmidan ko‘prog‘i keyingi uch yilda tashkil etilgani alohida ahamiyatga ega.

Tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish maqsadida 16 ta qonun, 100 dan ziyod qaror qabul qilindi. O‘tgan bir yil davomida litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi hamda ularni berish muddatlari qisqartirildi. Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida barcha tekshiruvlar uchun moratoriy e’lon qilindi.

Shuningdek, o‘zini o‘zi ish bilan band qilgan aholi uchun qulay sharoit yaratish natijasida bir yilda 500 ming nafar fuqaro ro‘yxatdan o‘tib, faoliyatini qonuniy asosda yo‘lga qo‘ydi.

Tadbirkorlik sohasidagi mana shunday yondashuv natijasida Jahon bankining “Biznesni yuritish” xalqaro reytingida O‘zbekiston besh yil ichida 141-o‘rindan 69-o‘ringa ko‘tarildi. Albatta, bu jiddiy ko‘rsatkich, ammo u hali bizni qoniqtirmaydi. Shuning uchun biz ushbu yo‘nalishdagi ishlarimizni izchil davom ettiramiz.

Xabaringiz bor, yaqinda tadbirkorlar bilan yangi formatdagi uchrashuv o‘tkazdik. Unda mamlakatimiz bo‘yicha 10 mingdan ziyod ishbilarmonlar qatnashdi. Ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida 15 mingdan ortiq taklif va tashabbuslar atroflicha o‘rganilib, tadbirkorlar ko‘targan masalalar bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.

Biz milliy iqtisodiyotimizda haqiqiy bozor munosabatlarini joriy etish, shu asosda mamlakatimizni taraqqiy ettirish uchun tadbirkorlarga bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Nega deganda, tadbirkor – iqtisodiyotning, islohotlarimizning asosiy tayanchi va lokomotividir.

Mana shu haqiqatni hech kim unutmasligi kerak.

Bugungi kunda zamonaviy iqtisodiyotning eng istiqbolli sohasi bo‘lgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mamlakatimizda keng joriy etilmoqda. Shu maqsadda o‘nlab IT-parklar, kichik sanoat zonalari, soha uchun mutaxassislar tayyorlaydigan o‘quv maskanlari, iqtidorli kompyuter dasturchilari uchun maxsus loyihalar tashkil etilmoqda.

Aholimizning katta qismi yashaydigan qishloq joylarini rivojlantirish va obod qilish, agrar sohaning samaradorligi va raqobatdoshligini oshirish, tarmoqda yangi ish o‘rinlari yaratish masalasi doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda.

Biz qishloq xo‘jaligida narxlar shakllanishiga davlat aralashuvini bekor qildik, paxta va g‘alla yetishtirishda davlat buyurtmasi tugatildi. 122 ta paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyati yo‘lga qo‘yilib, yuqori hosil olishga erishildi. Qishloq xo‘jaligini moliyalash tizimi qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Biz hududlarni tarmoqlar bilan birga kompleks rivojlantirish bo‘yicha yangi tizimni joriy etdik. Buning natijasida hududlarning moliyaviy imkoniyatlari kengayib, 2021-yilning o‘zida mahalliy dasturlar uchun qo‘shimcha 3 trillion so‘m mablag‘ shakllantirish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Bugun ishonch bilan ayta olamizki, O‘zbekiston uchun global inqirozning og‘ir damlari ortda qoldi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev