Daryo

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda majburiy emlashni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi

Shuningdek, qonun bilan davlat bosh sanitariya vrachining qarori asosida aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi belgilandi

1 daqiqa o‘qish72 056 ko‘rishlar0 izoh0

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qonun bilan Mehnat kodeksining 113-moddasiga xodim karantinli va yuqumli kasalliklar tahdidi bo‘lganda davlat bosh sanitariya vrachi qarori asosida profilaktik emlashdan o‘tishni rad etsa (qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lmaganda) ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekaniga oid qo‘shimcha kiritildi.

“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra karantinli va xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi bo‘lganda davlat bosh sanitariya vrachining qarori asosida aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi belgilandi.

Qonun rasmiy e’lon qilingandan so‘ng kuchga kiradi.

Avvalroq Oliy Majlis Senatining 17-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ma’qullangan edi.

Mavzuga doir: “Ish beruvchi emlashdan bosh tortgan xodimni ishdan haydamaydi, balki ishdan chetlatadi” – Ruslanbek Davletov

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistondagi epidemiologik holat yomonlashganini qayd etib o‘tib, aholini COVID-19 ga qarshi emlanishga chaqirgandi. “Vaksina olganlar shifoxonadan to‘rt kunda chiqyapti, emlanmaganlarga esa juda og‘ir bo‘lyapti. Ha, vaksina olgandan keyin kasallanish mumkin, lekin kasallik yengil formada kechyapti”, — dedi davlat rahbari va hokimlarga vaksinatsiya bo‘yicha ishlarni qattiqqo‘llik bilan nazoratga olishni topshirganini ham ta’kidlab o‘tgan.
Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar