O‘zbekiston Prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Shuhrat Xoldorovich Otaboyev aksiyadorlik tijorat “Xalq banki” boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Shu paytgacha boshqaruv raisi vazifasida ishlagan Farhod Salomov esa boshqa ishga o‘tkazilgan. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qildi.

Foto: “Xalq banki”

Shuhrat Otaboyev 1978-yilda tug‘ilgan. Dastlab Toshkent moliya instituti, keyinchalik Yaponiyaning Siyosiy fanlar milliy instituti hamda Prezident huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1995-yil Navoiy viloyatidagi 14-o‘rta maktabda ingliz tili o‘qituvchiligidan boshlagan. 1998-yildan boshlab Toshkent davlat texnika universiteti “Kamolot” jamoat markazida bosh hisobchi bo‘lib faoliyat yuritgan.

2001–2012-yillarda O‘zbekiston Markaziy bankida turli lavozimlarda mehnat qilgan. 2015-2017-yillarda AT “Xalq banki” boshqaruvi raisi o‘rinbosari, 2017–2018-yillarda O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi raisi o‘rinbosari, 2018–2021-yillarda “Ipoteka bank” ATB boshqaruvi raisi lavozimlarida ishlagan. 2021-yil fevral oyidan buyon esa O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari vazifasida mehnat qilib kelayotgan edi.

Bundan avval Samarqand viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar, Moliya vaziriga yangi o‘rinbosar hamda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga direktor tayinlangani haqida xabar berilgandi.