Yangilandi: Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov hodisa 11-iyul kuni sodir bo‘lgani va holat yuzasidan shu kuni Qarshi transport prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a” bandi (ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida qaynatasi bilan tortishib qolgan kelin o‘zi va ikki nafar farzandini poyezd tagiga tashlab, vafot etgan. Bu haqda “Daryo” manbasi xabar berdi.

Foto: “Daryo”

“Bu oila Chiroqchi tumanida yashaydi. Marhumaning eri Rossiyada ishlaydi. Kelin qaynatasi bilan janjallashib qolib, o‘zi va ikki farzandini poyezd tagiga tashlagan ekan. Marhumaning eri bugun (15-iyul sanasi nazarda tutilmoqda) uyiga qaytayotgan ekan”, — deydi “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan manba.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan Chiroqchi tuman IIB boshlig‘i Aktam Beshimqulov voqeani tasdiqladi.

“Voqea besh-olti kun ilgari sodir bo‘lgan. Haqiqatan ham ayol o‘zi va ikki nafar farzandini poyezd tagiga tashlab vafot etgan. Voqeaga oilaviy mojaro sabab bo‘lgan. Voqea sababi va tafsilotlarini mas’ul tashkilotlar o‘rganmoqda”, — dedi Aktam Beshimqulov.