1187-yil 4-iyul kuni salibchi va musulmon qo‘shinlari o‘rtasida Falastin va Quddusni qaytarib olish uchun hal qiluvchi jang bo‘lib o‘tadi. “Daryo” buyuk sarkarda Salohiddin Ayubiy boshchiligida jihod yurishini amalga oshirgan musulmonlarning salibchilar ustidan Hattin jangida qozongan g‘alabasi haqida hikoya qiladi

Urushdan oldingi vaziyat

1171-yili Misr taxtini egallagan Salohiddin Ayubiy (g‘arbda Saladin ham deb ataladi) yangi Ayyubiylar sulolasiga asos soladi va yangi davlat hududlarini kengaytirish uchun harbiy harakatlarni boshladi. Bu paytda salib yurishlari natijasida Kichik Osiyoning katta qismi, xususan, Quddus nasroniylar nazorati ostida edi. Salibchilar bu yerda bir necha qirollik tuzib, atrofdagi musulmon hukmdorlar bilan muttasil kurash olib borayotgan edi. Salibchilar bilan kurashayotgan musulmon amirliklari nisbatan mayda davlatlar bo‘lib, kuchlarini birlashtirmas edi.

1174-yilda Salohiddin Ayubiy nasroniylarga qarshi kurash va Quddusni qaytarib olish uchun harakat boshlab, salibchilarning Quddus qirolligi atrofidagi musulmon davlatlarni o‘z hukmronligi ostida birlashtirish uchun yurish uyushtiradi. Musulmon davlatlar bilan urushlar davrida Ayubiy Quddus qirolligi bilan 1185-yili tinchlik sulhi tuzadi.

Bu paytda Quddus qirolligini qirol Bolduin IV boshqarardi. Qirol moxov kasaliga chalingan bo‘lib, vorisi etib jiyani, yetti yoshli Bolduin V ni tayinlagandi. Raymond III Tripolskiy valiahdning regentiga (taxt vorisi balog‘atga yetgunga qadar davlat ishlarini olib boruvchi shaxs) aylanadi. Aynan Raymond III Tripolskiy Salohiddin Ayubiy bilan tinchlik sulhi tuzishga muvaffaq bo‘ladi. Biroq kutilmaganda valiahd Bolduin V vafot etadi. Vorislik endilikda Bolduin IV ning ikki singli Sibella va Izabelladan biriga o‘tishi kerak edi.

Hali hayot bo‘lgan qirol Bolduin IV Akra shahrida barcha Muqaddas Yer baronlarini to‘plab, taxtni u o‘lgandan so‘ng kuyovlari emas, regent egallashi, bo‘lajak taxt egasi Sibella yoki Izabella bo‘lishini Rim papasi, Muqaddas Rim imperatori, Fransiya va Angliya hukmdorlari tanlashi kerakligi haqida baronlariga qasamyod qabul qildiradi.

Gi de Luzinyan

Foto: Wikipedia

1185-yil Bolduin IV vafot etgach baronlar Yevropadan javob kutib o‘tirmadi. Ular taxtga kimni o‘tqazish borasida ikki guruhga bo‘linadi. Sibella va uning eri Gi de Luzinyan tarafida tampilyerlarning buyuk magistri Jerar de Ridfor, baron Reno de Shatilyon, Quddus patriarxi va boshqa baronlar turishadi. Regent Raymond Tripolskiy, Ballian d’Ibelin esa Izabella va uning eri Onfrua IV tarafda turib taxt uchun kurashadi. Oxir-oqibat 1186-yil 20-iyul kuni Gi de Luzinyan Quddus taxtiga o‘tiradi.

1187-yilda baron Reno de Shatilyon Salohiddin Ayubiy va Quddus qirolligi o‘rtasida tuzilgan sulh amalda bo‘lgan davrda Makkadan Damashq tomon yo‘lga chiqqan musulmonlar karvoniga hujum qiladi va barchani o‘ldirib yuboradi. Bundan g‘azablangan Salohiddin Ayubiy Shatilyonning boshini shaxsan o‘zi uzishga qasam ichadi va Quddus qirolligiga qarshi urush boshlaydi.

Salohiddin Ayubiy

Foto: O‘rta asr miniatyurasi

Jangning boshlanishi

Dastlabki to‘qnashuv Nazaret shahri yaqinidagi Kressonda bo‘lib o‘tadi. Unda Salohiddin Ayubiyning o‘g‘li Al-Afdal va sarkarda Ko‘kbo‘ri Jerar de Ridfor boshliq tampilyerlar qo‘shini bilan jang qiladi. Bo‘lib o‘tgan kichik jangda Jerar de Ridfor va uning ritsarlari deyarli qirib tashlanadi. Ridforning o‘zi zo‘rg‘a qochib qutuladi.

Mazkur vaziyatda qirol Gi de Luzinyan Akkoda Muqaddas Yer baronlarini yig‘ib, yangi Uchinchi Salib yurishlarini tashkillashtirish uchun Yevropadan yordam so‘rashni muhokama qiladi. Ammo yig‘in davom etayotgan bir paytda Raymond III Tripolskiy mulki bo‘lgan Tveriya shahriga Salohiddin Ayubiy armiyasi hujum qilgani haqida xabar keladi.

Qamalda qolgan Raymond IIIning xotini Eshiva qiroldan yordam so‘rab chopar yuboradi. Graf Raymond Salohiddin Ayubiy ko‘chmanchi badaviy qoidalarini hurmat qilishini, shuning uchun uning keksa ayoliga ziyon yetkazmasligini bilardi. Biroq buyuk sulton ancha aqlli va ayyor edi. U xabarchiga salibchilar aniq rejaga ega bo‘lmasdan Tveriyaga shoshilinch qutqaruv operatsiyani amalga oshirishi uchun atayin yo‘l ochib beradi.

Foto: Wikipedia

Buyuk magistr Jerar de Ridforning qistovi ostida qirol Gi de Luzinyan Tveriyaga madadga borishga qaror qiladi. Ertasi kuni tongda deyarli tayyorgarliksiz qo‘shin Tveriya tomon yo‘lga chiqadi.

Salibchilar qo‘shini yigirma ming atrofida bo‘lib, ularning o‘n ikki mingi piyodalar, besh mingdan ko‘prog‘i og‘ir zirhli tampilyer va gospitalyer ritsarlaridan tashkil topgandi. Salohiddin Ayubiy boshliq musulmon lashkari esa 12 000 yollanma mamluk askarlari va o‘n ming sultonlik armiyasidan iborat edi. Qo‘shinda otliq askarlar soni o‘n ikki ming atrofida bo‘lib, ular ushbu jangda hal qiluvchi rolni bajardi.

1187-yil 3-iyul kun qirol Gi de Luzinyan armiyasi Tveriya yaqinida joylashgan Saforiga yetib keladi, qo‘shinlar yigirma kilometrlik masofada joylashadi. Ammo salibchilarning yigirma minglik karvoni bir necha kilometrgacha cho‘zilgan edi. Falastinning quruq va jazirama issiq yozi og‘ir temir zirhli salibchilarni holdan toydirmasdan qolmadi. Kechqurunga qadar Tveriya ko‘liga yetib borishni niyat qilgan Gi de Luzinyan armiyasi bunga ulgurmadi. Buning ustiga Ayubiyning otliq askarlari yo‘li bo‘yi salibchilar karvoniga kutilmagan hujumlarni uyushtirib, ularning saflarini ancha siyraklashtiradi.

Raymond III Tripolskiyning maslahati bilan salibchilar mahalliy aholi tomonidan Hattin shoxlari deb ataluvchi, Tveriyadan 6 kilometr uzoqlikda joylashgan joyda to‘xtab, qarorgoh qurishadi. Xristianlar chodirlarni tiklashi bilanoq Salohiddin Ayubiy askarlariga qarorgoh atrofidagi juda ko‘p o‘suvchi quruq butalarni yoqib yuborishni buyuradi. Quyuq tutun osmonni qoplaydi va shundoq ham suzsizlikdan qiynalayotgan salibchilarning nafas olishni qiyinlashtiradi. Uzoq yo‘l yurgan va issiqdan tinkasi qurigan salibchilar qo‘shini qarorgohini Ayubiy lashkari kamon va arbaletdan o‘qqa tutadi.

Gi de Luzinyan harbiy kengash chaqirib, zudlik bilan Salohiddin Ayubiy qo‘shiniga zarba berishga qaror qiladi. Qirolning akasi Amori II de Luzinyan hujum uchun tayyorlanishni boshlaydi.

Hattin jangi xaritasi

Foto: Google Images

Raymond III Tripolskiy qo‘shini birinchi bo‘lib jangga kiradi. Chunki Tveriya yerlari Raymond III mulki edi va qoidaga ko‘ra mulk egasi sifatida Raymond jangga birinchi kirishi kerak edi. Musulmon qo‘shinlariga hujum qilgan Raymond qo‘shiniga sarkarda Taqi ad-Din atayin musulmon lashkari safini  yorib o‘tib, Tveriya ko‘liga chiqishga imkon beradi, keyin esa ularning ortiga o‘tib salibchilarni qurshovga oladi. Qurshovdan faqatgina bir necha ritsar, jumladan Raymond III Tripolskiy va uning o‘g‘illari qochib qutulishga muvaffaq bo‘ladi.

Bu paytda salibchilarning piyoda qo‘shinlari Raymond III qo‘shiniga ko‘mak berish uchun Hattin tepaligi tomon yurishadi, ammo Raymondning halokati va musulmonlarning pozitsiyalarni qayta egallaganini ko‘rgach, Hattin yuqorisiga ko‘tarilishadi. Jangovar ruhiyati tushib ketgan askarlar qirol va baronlarning buyrug‘iga qaramasdan jang qilishdan bosh tortib, tepalikdan tushmaydi.

Piyodalar qo‘lloviga ega bo‘lmagan tampilyer va gospitalyer ritsarlari otlarini musulmon kamonchilari o‘ldirib yuboradi va ritsarlarning ko‘pchiligi piyoda jang qilishga majbur bo‘ladi. Yetti soat davom etgan jangda salibchilar qo‘shini turk-musulmon lashkari tomonidan tor-mor etiladi. Manbalarga ko‘ra Hattin jangida salibchilarning 17 000 mingdan ortiq askari halok bo‘ladi.

Salohiddin Ayubiy tomonidan Reno de Shatilyonning qatl etilishi

Foto: Pinterest

Qirol Gi de Luzinyan, buyuk magistr Jerar de Ridfor, Reno de Shatilyon va Onfrua IV musulmonlar tomonidan asir olinadi. Salohiddin Ayubiy qasamini bajarib Reno de Shatilyonni shaxsan o‘zi qatl etadi.

Salohiddin Ayubiy chodiriga olib kelingan qirol Gi de Luzinyanga ichimlik uzatadi. Arablar odatiga ko‘ra bu mahbusga shafqat qilinishi belgisi edi. Ayubiy Gi de Luzinyanni qatl etmadi va “shohlar shohlarni o‘ldirmaydi” deya uni qo‘yib yubordi. Shuningdek Salohiddin Ayubiy boshqa baronlarga ham shafqat qilib ularni tirik qoldiradi.

Foto: Wikipedia

Keyingi voqealar

Hattindagi jangdan keyin Quddus qirolligini ushlab turgan asosiy kuchlar — tampilyer va gospitalyer ordeni ritsarlari kuchsizlanib qoladi. Xristianlar tarafidan juda yuqori qadrlanuvchi Muqaddas Xoch musulmonlar qo‘liga tushadi. Bu g‘arb dindorlari uchun ulkan ma'naviy zarba bo‘ladi.

Salohiddin Ayubiy muvaffaqiyatli yurishini davom ettirib Quddus tomon yuradi. Hattindagi mag‘lubiyatdan so‘ng deyarli harbiy kuchsiz qolgan salibchilarning Quddus qirolligi qisqa qarshilikdan keyin Salohiddin Ayubiyga taslim bo‘ladi. Shu tariqa nasroniylarning Quddusdagi sakson sakkiz yillik hukmronligiga xotima beriladi.

Salohiddin Ayubiy bunday ulkan g‘alabadan so‘ng musulmon dunyosida eng buyuk hukmdorga aylanadi. U haqida turli afsonalar to‘qildi. Ayubiy olib borgan jihod urushi bundan keyingi salib yurishlarida ustunlik asosan musulmonlar tarafiga o‘tishini ta’minladi.

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi