Daryo

O‘zbekiston hukumati anomal jaziramaga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Prezident Administratsiyasi hukumat va viloyat hokimliklari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlariga havo harorati keskin ko‘tarilishi oqibatida yuzaga keladigan noxush holatlarning oldini olish maqsadida shoshilinch tarzda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni yubordi

2 daqiqa o‘qish225 186 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekistonda 6—8-iyul kunlari Eron hududlaridan issiq havo massalarining kirib kelishi tufayli jazirama issiq kuchayishi kutilmoqda. “O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kunlarda havo harorati iqlimiy me’yorlardan 5—8 darajaga yuqori bo‘ladi. Kunduz kunlari havo 41—43 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda esa 44—46 darajagacha isiydi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Daryo” manbalarining xabar berishicha, Prezident Administratsiyasi 3-iyul kuni hukumat va viloyat hokimliklari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlariga havo harorati keskin ko‘tarilishi oqibatida yuzaga keladigan noxush holatlarning oldini olish maqsadida shoshilinch tarzda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni yubordi.

Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari, tuman (shahar) hokimliklari, mutasaddi tashkilotlar va idoralarda doimiy navbatchilikni yo‘lga qo‘yish, zarur kuch-vositalar va maxsus texnikalarning to‘liq shayligini ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni belgilashi lozim.

Odamlar gavjum joylarda, jumladan, bozorlar, sayilgohlar, ko‘ngilochar maskanlarda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha vaqtinchalik tibbiyot punktlarini tashkil etish zarur. Davolash-profilaktika muassasalarida issiq havo oqibatida surunkali kasalliklari xuruj qilishi mumkin bo‘lgan toifalarni e’tiborga olib, tegishli koyka-o‘rinlar va dori vositalari zaxiralari yetarli miqdorda shakllantiriladi.

Aholini o‘z salomatligini asrash uchun hushyor bo‘lishga, keskin issiq havodan himoyalanish, ko‘proq suyuqlik iste’mol qilish, zarurat bo‘lmaganda uydan tashqariga chiqmaslikka, ayniqsa, surunkali kasalligi bo‘lganlar, yosh bolalar, homiladorlar va keksalarni himoya qilishga chaqirilmoqda.

Buzilgan oziq-ovqat mahsulotlaridan ommaviy zaharlanishning oldini olish maqsadida umumiy ovqatlanish korxonalarida ovqatlarni tayyorlash va saqlash, bozorlarda va oziq-ovqat mahsulotlari sotuvchi savdo shoxobchalarida mahsulotlarni tashish va saqlash qoidalariga qat’iy rioya etishni nazorat qilish kuchaytirilishi lozim.

Energetika tarmoqlari, jumladan, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti tizimlarining barqaror ishlashini ta’minlash vazifasi topshirildi.

Qishloq xo‘jaligida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan soha mutaxassislari, dehqonlar va olimlarni jalb qilib, ekinlarni va yaratilgan hosilni saqlab qolish choralari ko‘rilishi lozim.

FVVga daryo, ko‘llar, aholi dam olish maskanlarida xavfsizlik masalalarini kuchaytirish topshirildi.

Bundan tashqari, noodatiy issiq havo natijasida kuchli yomg‘ir yog‘ishi ehtimolini inobatga olib, joylarda sel toshqinlari xavfining oldini olish choralarini ko‘rish, tog‘ va tog‘oldi hududlardagi yorib chiqishi mumkin bo‘lgan yuqori tog‘ ko‘llari bo‘yicha sel yo‘llari holatini nazoratga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Mavzuga doir: O‘zbekistonda 5-iyul kuni 46 darajagacha issiq bo‘ladi

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar