Daryo

DXX O‘zbekistonga Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan katta miqdordagi giyohvandlik moddalarini musodara qildi

Giyohvand moddalar savdosi uchun qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda

1 daqiqa o‘qish84 388 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: DXX matbuot xizmati

O‘zbekistonda har yili iyun oyida o‘tkaziladigan giyohvandlikka qarshi kurashish oyligi doirasida DXX xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazilib, katta miqdordagi giyohvand moddalarni musodara qilindi. Bu haqda “Daryo”ga DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: DXX matbuot xizmati

DXXning Sirdaryo va Samarqand viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi vakillari bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi “Umakay” YPX maskanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo—Samarqand yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt avtomashinasi to‘xtatilgan.

Avtomashina ko‘zdan kechirilganda unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yashovchi, 1987-yilda tug‘ilgan fuqaroning yonida 3 kilogramm 363 gramm opiy giyohvand moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Boshqa bir holatda DXX xodimlari tomonidan Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan “Mineral suvlar” YPX maskanida Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1996-yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Nexia-3 to‘xtatilgan. Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda uning salon qismida 5 kilogramm opiy giyohvand moddasi borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olingan.

DXXning Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan DBQ xodimlarini jalb etgan holda O‘rta Chirchiq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Bekobod shahrida yashovchi shaxslar — 1991-yilda tug‘ilgan fuqaro hamda muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan 1990-yilda tug‘ilgan shaxs 492 gramm gashish moddasini 50 million so‘mga sotganida qo‘lga olingan.

Ta’kidlanishicha, har uchala holatda ham narkotik moddalar O‘zbekistonga Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq DXX Buxoro, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan bir necha shaxsni qo‘lga olgani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga doir: Chilonzorda chamadoniga giyohvand modda yashirib olib ketayotgan Tojikiston fuqarosi qo‘lga olindi

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar