Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Farg‘ona viloyatida may oyining ikkinchi dushanbasidan uchinchi dushanbasigacha bo‘lgan (10—17-may) oraliqda ro‘yxatga olingan 20 ta yo‘l-transport hodisasi (YTH) oqibatida jami 20 kishi halok bo‘ldi, yana 18 kishi tan jarohati olgan. Viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (YHXB) axborotiga ko‘ra, YTHlar soni avvalgi haftaga nisbatan 10 taga, YTH oqibatidagi qurbonlar soni 16 nafarga, jarohatlanganlar soni 12 nafarga ko‘paygan. E’tiborga molik tomoni, viloyatda 2021-yilning dastlabki to‘rt oyi (17 hafta) davomida yuz bergan 328 ta YTH oqibatida 64 kishi halok bo‘lgan edi.

Viloyat IIB YHXB axborotida 10—17-may kunlari yuz bergan 20 ta YTHning aynan nechtasida inson o‘limi bilan bog‘liq holatlar qayd etilganiga aniqlik kiritilmagan. Respublika IIV, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi, viloyat IIB va YHXB tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan sanalarda yuz bergan barcha (20 ta) YTH haqida axborot berilmagan. “Daryo” ochiq manbalardagi ma’lumotlarga asoslanib, yuqorida ko‘rsatilgan sanalar oralig‘idagi haftada yuz bergan va inson o‘limi bilan tugagan jami 5 ta YTHni aniqladi. Ular orasida olti kishining umriga zomin bo‘lgan Yozyovondagi avariya ham bor.

10-may kuni soat taxminan 3:50 da A-373 “Toshkent—O‘sh” yo‘lining Yozyovon tumani “Guliston” mahallasi hududidan o‘tgan 364-kilometrida Buxoro viloyati Vobkent tumanida yashovchi B.Q. boshqaruvidagi Cobalt (uning salonida Qirg‘izistondagi universitetlarda o‘qiydigan o‘zbekistonlik talabalar bo‘lgan) qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib, oldidan kelayotgan, Namangan viloyatidan Qo‘qon tomon yo‘lga chiqqan D.S.ning Cobalt avtomashinasi (uning salonida namanganlik bir oila vakillari bo‘lgani aytilmoqda) bilan to‘qnashgan.

Kadr: Telegram / @yhxbb_uz

Hodisa oqibatida olti kishi — Buxorodan kelayotgan Cobalt’dagi buxorolik ikki va surxondaryolik bir talaba yigit, shuningdek, Namangandan kelayotgan Cobalt’dagi ikki ayol va yetti oylik chaqaloq halok bo‘lgan. Yana to‘rt kishi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. YTHga haydovchilarning shoshma-shosharligi, rulda uxlab qolishi, shuningdek, A-373 “Toshkent—O‘sh” yo‘lining 350-kilometridan 368-kilometrigacha bo‘lgan qismidagi qarama-qarshi harakatlanish bo‘laklarini ajratib turuvchi beton to‘siqlar o‘rnatilmagani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilinmoqda.

Shu kuni soat taxminan 8:50 da “Marg‘ilon—Oltiariq—Rishton—Karimdevona” yo‘lida mashina tezligini keskin oshirib, quvib o‘tish qoidasini buzib harakatlangan Cobalt avtomobili boshqaruvni yo‘qotib, ag‘darilib ketgan. Hodisa oqibatida Cobalt haydovchisi vafot etgan.

“Marg‘ilon—Oltiariq—Rishton—Karimdevona” yo‘lida yuz bergan avariya oqibati.

“Marg‘ilon—Oltiariq—Rishton—Karimdevona” yo‘lida yuz bergan avariya oqibati.
Foto: Telegram / @fergana_yhxb

12-may kuni soat taxminan 6:00 da Bag‘dod tumani “Muruvvat” mahallasi Kenagas qishlog‘ida 1985-yilda tug‘ilgan haydovchi J.Sh. boshqaruvidagi Nexia yo‘l chetidagi simyog‘ochga borib urilgan. Hodisa oqibatida 2006-yilda tug‘ilgan 8-sinf o‘quvchisi og‘ir tan jarohati olib, hodisa joyida halok bo‘lgan. Tan jarohati olganlar haqida aniq ma’lumot yo‘q.

15-may kuni Dang‘ara tumani “Chinobod” mahallasi hududida Cobalt avtomobili yo‘l chetida to‘xtab turgan “Zil” yuk mashinasining tirkamasiga borib urilishi oqibatida yengil mashina yo‘lovchisi Q.G‘. voqea joyida halok bo‘lgan, mashinadagi yana bir yo‘lovchi T.U. va yo‘l chetida bo‘lgan voyaga yetmagan piyoda B.B. tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. T.U. va B.B.ning jarohatlari darajasi va ularning hozirgi ahvoli haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Kadr: “Yangi Davr”

Shu kuni soat 22:50 da Uchko‘prik tumani Bekobod qishlog‘idagi chorrahada 1988-yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi “Kamaz” yuk mashinasi chorrahaga yashil chiroqda kirib, qarama-qarshi tomondan chorrahaga kirib kelayotgan Nexia’ga yo‘l bermay, chap tomonga burilayotgan vaqtida to‘qnashuv yuz bergan. Hodisa oqibatida Nexia’ning 31 yoshli haydovchisi voqea joyida, uning 50 yoshli yo‘lovchisi (ayol) Uchko‘prik tuman kasalxonasida vafot etgan.

Shunday qilib, ushbu beshta hodisa oqibatida jami 11 kishi, jumladan, uch nafar ayol va ikki nafar voyaga yetmagan shaxs halok bo‘lgan. Yana kamida yetti kishi tan jarohati olib, kasalxonaga yotqizilgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Nukus voqealari bo‘yicha uch nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi qamoqqa olindi 
Dunyo
G7 davlatlari Xitoy, Shimoliy Koreya va Eronga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda — Bloomberg
Mahalliy
Oʻzbekistonning yanvar oyidagi budjet daromadi ochiqlandi