Suriya prezidenti Bashar al-Asad 95 foizdan ko‘proq ovoz bilan prezidentlik saylovlarida yana g‘olib chiqdi. Bu haqda Suriya parlamenti spikeri Hammud Sabbag ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.

Foto: Reuters

Xabarga ko‘ra, saylovlarda 13,5 million kishi Asadga ovoz berdi. Uning raqiblari — ichki muxolifat nomzodi Mahmud Maray 3,3 foiz, sotsialistik partiyaning sobiq deputati Abdulla Sallum Abdulla esa 1,5 foiz ovoz yig‘di.

Parlament spikerining so‘zlariga ko‘ra, saylovlarda jami 14,2 million suriyalik ishtirok etgan, bu saylovchilarning 78 foiziga teng.

2000-yildan beri prezidentlik lavozimini egallab kelayotgan Asad yana yetti yillik muddatga qayta saylandi. Asad mamlakatni 1971-yildan 2000-yilgacha — 29 yil davomida boshqargan otasi Hofiz Asadning o‘rnini egallagan edi, bu yil Hofiz Asadning hokimiyatga kelganiga 50 yil to‘ldi.

SANA agentligi xabar berishicha, minglab suriyaliklar Asadning g‘alabasini nishonlash uchun ko‘chalarga chiqqan. Saylovlarning rasmiy natijalari e’lon qilinishidan oldinroq ham uning tarafdorlari yig‘ila boshlagan, aksariyati Suriya bayroqlari va prezident portretlarini ko‘tarib olgan.

Suriyada prezidentlik saylovi 26-may kuni bo‘lib o‘tdi, shu kuni 12 mingdan ortiq saylov uchastkalari ovoz beruvchilarga xizmat qildi.

Yevropa diplomatiyasi boshlig‘i Josep Borrel saylovlarni demokratik ovoz berish mezonlariga to‘g‘ri kelmagani va mamlakatdagi ziddiyatni hal qilishga hissa qo‘shmaganini aytib, tanqid qildi. “Barcha suriyaliklar, shu jumladan, ichki muhojirlar, qochoqlar va diaspora (mamlakat tashqarisidagi suriyaliklar) a’zolari xavfsiz va neytral muhitda, qo‘rqitish tahdidisiz, erkin va adolatli siyosiy raqobatda ishtirok eta olgan taqdirdagina, saylovlar  ishonchli bo‘lishi mumkin”, — dedi u.

AQSh, Fransiya, Germaniya, Italiya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari o‘zlarining qo‘shma bayonotida Suriyadagi saylovlarni adolatli va erkin deb hisoblamasligini ta’kidladi. Rossiya elchisi Aleksandr Yefimov saylovlar amaldagi Konstitutsiyaga muvofiq qonuniy ravishda o‘tkazilganini aytdi.