Moliya vazirligi O‘zbekistonning 2021-yil I chorak uchun davlat qarzi holati va dinamikasi sharhini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2021-yil 1-aprel holatiga davlat qarzi 23,2 milliard dollarni yoki YaIMga nisbatan 40,1 foizni tashkil etmoqda.

- davlat tashqi qarzi 21 milliard dollarni yoki YaIMga nisbatan 36,3 foizni tashkil etgan va yil boshiga nisbatan 73,6 million dollarga yoki yalpi ichki mahsulotga nisbati 0,2 foizga kamaygan;
- davlat ichki qarzi 2,2 milliard dollarni yoki YaIMga nisbatan 3,8 foizni tashkil etgan va yil boshiga nisbatan 60,1 million dollarga yoki yalpi ichki mahsulotga nisbati 0,1 foizga kamaygan.

Davlat qarzining 133,7 million dollarga kamayishi, asosan, yangi jalb qilingan qarz mablag‘larining o‘zlashtirilishiga qaramay, davlat qarzi bo‘yicha asosiy qarz to‘lovlarining amalga oshirilishi hamda davlat qarz portfeli tarkibidagi valyuta kurslaridagi o‘zgarishlar bilan izohlanmoqda.
Qayd etilishicha, davlat qarzining YaIMga nisbatining pasayishi yuqoridagilar bilan birga 2021-yilning I choragida kuzatilgan real iqtisodiy o‘sish natijasida YAIM hajmining oshishi bilan ham izohlanadi. Xususan, 2021-yilning yanvar–mart oylarida YAIM real o‘sish sur’ati 3 foizni tashkil etgan.Davlat qarzining tarkibi va tarmoqlar kesimidagi taqsimoti
Yanvar—mart oylari davomida davlat ichki qarzi dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra yil boshiga nisbatan 60,1 million dollarga kamaygan va 2021-yil 1-aprel holatiga 2,2 milliard dollarni tashkil qilgan. Shundan:- davlat qimmatli qog‘ozlari – 4,1 trillion so‘m (yil boshiga nisbatan 135 milliard so‘mga oshdi);
- davlat kafolatlagan ichki qarz – 1,8 milliard dollar (yil boshiga nisbatan 73,1 million dollarga kamaydi).

Davlat tashqi qarzining valyuta tarkibi
O‘zbekiston davlat tashqi qarzi portfeli valyuta tarkibining 70,4 foizi – AQSh dollari, 11 foizi — Yaponiya iyenasi, 9,5 foizi – SDR (maxsus qarz olish huquqlari), 5,0 foizi – yevro, 4,1 foizi — boshqa valyutalardagi tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.









