Surxondaryo viloyatida Damas haydovchisi uch kishini urib yuborib, voqea joyidan qochib ketdi. Jabrlanganlarning ikki nafari shifoxonada vafot etgan, deb xabar beradi viloyati IIB axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 6-may kuni soat 22:45 larda Sherobod tumanida 31 yoshli Damas haydovchisi yo‘lning o‘n tomoni cheti bo‘ylab harakatlanayotgan uch fuqaroni urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgan.

YTH oqibatida uchala fuqaro ham turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan. Ko‘rsatilgan yordamga qaramay, jabrlanuvchilarning ikki nafari shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat bo‘yicha tumanda to‘sib ushlash rejasi amalga oshirilgan va haydovchi qo‘lga olingan. U tegishli hujjatlarsiz Damas’ni boshqargani uchun qochib ketgani aniqlangan.

Haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi va 117-moddasi (xavf ostida qoldirish)3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Navoiyda haydovchining tezlikni oshirishi oqibatda uch nafar yo‘lovchi vafot etgani, Toshkentda Captiva Nexia va “Moskvich”ga borib urilishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgani va yana to‘rt nafari jarohatlangani, Dehqonobodda boshqaruvni yo‘qotgan Cobalt haydovchisi “Jiguli”ga urilishi oqibatida “Jiguli” haydovchisi voqea joyida vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.