Navoiy viloyat IIB YHXB matbuot guruhi katta inspektori Farruh Yakubovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, viloyatning Qiziltepa tumanida haydovchining tezlikni oshirishi uch kishining hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘lgan.

Foto: Farruh Yakubov

Ta’kidlanishicha, 2021-yilning 3-may kuni soat 21:00 da Qiziltepa tumani hududidan o‘tgan 4R63 Kogon—Qiziltepa—Toshrobot—Yangiqo‘rg‘on avtomobil yo‘lidan Kogon—Qiziltepa yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Tracker-2 haydovchi S.X. tezlikni oshirib, boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda yo‘lning chap tomoniga chiqib ketib ag‘darilgan. YTH natijasida avtomobil salonida bo‘lgan ikki nafar fuqaro voqea joyida, bir nafar fuqaro esa tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Haydovchi esa tan jarohati olgan.

Foto: Farruh Yakubov

Mazkur holat yuzasidan Qiziltepa tuman IIB tomonidan haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida odamlar o‘limiga olib kelish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Farruh Yakubov

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda 6 kishining umriga zomin bo‘lgan avtohalokatni sodir etgan haydovchi 10 yilga qamalgani, Dehqonobodda boshqaruvni yo‘qotgan Cobalt haydovchisi esa “Jiguli”ga urilishi oqibatida “Jiguli” haydovchisi voqea joyida vafot etgani haqida xabar berilgandi.