Respublikada mobil aloqani rivojlantirish, zamonaviy servis xizmatlarni joriy etish orqali interaktiv davlat xizmatlari va elektron tijoratdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, mamlakatda xalqaro standartlarga mos mobil telefonlar hamda mobil aloqa moduliga ega qurilmalarni keng ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasidagi masaladir.
Bu borada iste’molchilar uchun sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyatini yaratish, ichki bozorda kontrafakt mahsulotlar aylanishiga qarshi tegishli choralar ko‘rish hamda telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish bo‘yicha hukumat doirasida tizimli tadbirlar belgilangan. 2019-yil noyabr oyigacha respublikaga olib kirilgan smartfonlar va boshqa turdagi mobil qurilmalar aksariyati rasmiy ravishda, ya’ni davlat chegarasidan o‘rnatilgan tartibda olib kirilmagan. Boshqacha qilib aytganda, ushbu yo‘nalishdagi biznes, yashirin iqtisodiyotni bir yo‘nalishi hisoblangan. Erkin savdoda bo‘lgan mobil qurilmalarning deyarli 87 foizi davlat hududiga yashirin ravishda olib kirilgan. Tasavvur qiling, bu bozorda qancha mablag‘ aylangan?
Shu vaqtda mobil aloqa kompaniyalari o‘z abonentlarining soni va uning o‘sishi to‘g‘risida muntazam axborot berib kelgan, biroq ushbu abonentlar qanday mobil qurilmalardan foydalanayotgani haqida hech kim savol bermagan. Vaholanki, o‘sha davrda respublika hududiga rasmiy ravishda yiliga 50-60 mingta telefonlar olib kirilgan, xolos.
Tabiy savol tug‘iladi, aholi ishlatayotgan mobil qurilmalar sifatiga, texnik kafolatiga, xavfsizligiga, ichida joylashtirilgan dasturlarga kim kafolat bergan ? Hech kim! Eng achinarlisi, bunday holat hech kimni qiziqtirmagan va muammoning yechimi nazardan chetda qolgan. Hozirgi IT texnologiyalari rivojlanishi davrida, soatbay rivojlanishi desam ham xato bo‘lmaydi, mobil qurilmalarni sifatiga va xavfsizligiga kafolat beradigan bozorni shakillantirish vaqti keldi.
Mobil qurilmadan foydalanish har bir insonning kundalik hayotdagi ehtiyojiga aylanib kelmoqda. Bu ayniqsa pandemiya davrida o‘z o‘rnini ko‘rsatdi. Inson o‘z elektron kartmon xavfsizligini kafolatlanmagan mobil qurilmaga qanday qilib ishonib, topshirib qo‘yishi mumkin ? Lekin bunday muammo yuzaga kelishi mumkinligi hozir ikkinchi o‘rinda, birinchi o‘rinda esa qimmat telefonni arzonroq sotib olish. Bunday nosog‘lom raqobatdan, albatta, respublika hududiga noqonuniy ravishda telefonlarni olib kirayotgan shaxslar foydalanadi va, albatta, bunday bozorni o‘z-o‘zidan, hech kim berib qo‘ymaydi. UzIMEI tizimini joriy qilish negizida xalqimizga sifati va xavfsizligi kafolatlangan mobil qurilmalar yetib kelishi maqsad qilib qo‘yilgan. Bunda qanday yutuqlarga erishilmoqda?
1. Iste’molchilar uchun sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyati yaratildi, sifati kafolatlangan, xalqaro talablarga javob beradigan mahsulot kirib kelmoqda. Xalqaro GSM talabi bo‘yicha standartlarga javob bermagan qurilmalar ro‘yxatdan o‘tkazilmayapti.
2. Ichki bozorda kontrafakt mahsulotlar aylanishi cheklanmoqda, telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobat muhiti shakllanmoqda.
3. Mobil aloqa qurilmalarini ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalarning vakolatxonalari ochilmoqda. Ular kafolatlangan sog‘lom raqobat muhiti bor bo‘lsagina vakolatxona ochishadi. Bugungi kunga qadar bunday sog‘lom muhit bo‘lmagan.
4. Rasmiy olib kirilgan qurilmalarni savdo majmualari xaridorlarga muddatli to‘lov yoki kredit asosida sotmoqda. Bunday xizmat norasmiy olib kirilgan qurilmalarga ko‘rsatilmaydi.
5. Xalqaro standartlarga mos mobil telefonlar va mobil aloqa moduliga ega qurilmalarni mahalliy tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarishni kengaytirish qo‘llab-quvvatlanmoqda.
6. Tizimning joriy etilishi fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlashga zamin yaratadi. Bu nafaqat mobil qurilmalarni o‘g‘rilash bilan bog‘liq jinoyatlarni kamaytirmoqda, balki davlat va ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlab beruvchi choralarining samaradorligini oshirdi. Qolaversa, mazkur tizim bozordagi shaffoflikni yanada oshirmoqda, soxta mahsulotlarni respublika hududiga olib kelish hajmini kamaytirdi.
Masalani to‘liq o‘rganmaslik, bir tomonlama yondashilgan fikrlarga ishonib, “ushbu to‘lovlarni iste’molchi to‘laydi”, degan noto‘g‘ri tushunchalar tarqalishi va shakllanishi tabiiy hol. Aslida, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kelinadigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” 2019-yil 17-sentabrdagi 778-son qarorida aniq qilib yozib qo‘yilgan, ya’ni mobil qurilmani importyor respublika hududiga olib kirgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan beriladigan davlat bojxona deklaratsiyasi asosida IMEI kodlari ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Vazirlar Mahkamasining 31-dekabr 2020-yil 828-son “O‘zbekistonda foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori, tizim ishga tushirilganidan so‘ng fuqaro va tadbirkorlardan, vazirlik hamda idoralardan kelib tushgan murojaat, takliflardan kelib chiqqan holda hamda tizimni takomillashtirish maqsadida ishlab chiqildi va qabul qilindi. Endi mobil qurilmani IMEI kodini ro‘yxatga olish uchun undiriladigan to‘lovni chet davlatlarniki bilan solishtirsak, bunga sobiq SNG davlatlaridan va rivojlangan davlatlardan birini misol qilib ko‘rsatsak...
Ozarbayjonda
IMEI ro‘yxatga olish tizimi 2013-yil may oyida ishlay boshlagan. Tizim kontrabanda bilan kurashish va o‘g‘irliklar sonini kamaytirishga qaratilgan.
Mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish narxlari qurilmaning bozor narxiga qarab belgilanadi va quyidagi tariflar bo‘yicha amalga oshiriladi:
- 100 AQSh dollaridan qimmat bo‘lmagan, rasm, videoga olish funksiyalari, shuningdek, internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati bo‘lmagan qurilmalar uchun ro‘yxatdan o‘tkazish narxi – 20 manat (~12 AQSh dollari);
- 100 AQSh dollaridan qimmat bo‘lmagan boshqa qurilmalar — 30 manat (~17 AQSh dollari);
- 101 AQSh dollaridan 200 AQSh dollarigacha — 50 manat (~30 AQSh dollari);
- 201 AQSh dollaridan 400 AQSh dollarigacha — 60 manat (~35 AQSh dollari);
- 401 AQSh dollaridan 700 AQSh dollarigacha — 70 manat (~41 AQSh dollari);
- 701 AQSh dollaridan 1000 AQSh dollarigacha — 100 manat (~60 AQSh dollari);
- 1001 AQSh dollaridan yuqori – 150 manat (~88 AQSh dollari).
2006—2010-yillarda Turkiyaning IMEI boshqaruv tizimida 10,5 milliard AQSh dollari miqdorida qo‘shimcha soliq yig‘ilgan. Telefonlarni o‘g‘irlash holatlari 95 foizga kamaygan. Tizim operatori axborot texnologiyalari komiteti hisoblanadi. IMEI kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun jismoniy shaxslar uchun 1800 lira (190 AQSh dollari) belgilangan.
O‘zbekistonda
- Import qiluvchilardan – 49 000 so‘m (4,66 AQSh dollari);
- Mahalliy ishlab chiqaruvchilardan –24 500 so‘m (2,33 AQSh dollari);
- jismoniy shaxslardan (o‘zi chet eldan olib kelsa yoki jo‘natma qabul qilsa) – 49 000 so‘m (4,66 AQSh dollari), mahalliy bozordan sotib olingan mobil qurilmalar to‘lovini iste’molchi to‘lamaydi.
Mobi.uz kompaniyasi eSim tizimini joriy qilishining dastlabki kunlaridanoq, IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati mavjud bo‘lgan. Bugungi kunda mobil qurilmalarning eSim IMEI kodlarini ro‘yxatga olish xizmati vakolati O‘zbekiston pochtasi, mobil aloqa kompaniyalari (bugungi kunda Ucell)ga ham berildi.
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan import qilingan mobil qurilmalarning eSim IMEI kodlari sotuvga chiqargunga qadar ro‘yxatdan o‘tkazilishi va shundan so‘ng iste’molchiga yetib borishini ta’minlanmoqda. Oddiy so‘z bilan aytganda, iste’molchi hech qanday to‘lov amalga oshirmayapti, Sim slotga ham eSimga ham. Iste’molchi mobil qurilmani respublika hududida sotib olgandan so‘ng, uning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov amalga oshirilishi nazarda tutilmagan.
eSimda ham IMEI kod mavjud bo‘lganligi sababli Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-sentabrdagi 778-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda belgilangan miqdorda to‘lov amalga oshiriladi (xuddi ikkinchi sim kartadek).
Agar mobil qurilmaning slotlarining IMEI kodlari ro‘yxatga olinmagan bo‘lsa, ushbu qurilmaning IMEI (eSim) kodlarini onlayn xizmat orqali ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati mavjud. Agar mobil qurilmaning bir slotiga tegishli IMEI kodi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, ushbu qurilmaning boshqa sloti IMEI (eSim) kodini ro‘yxatdan o‘tkazish mobil qurilma egasining tizim operatori yoki tizim ro‘yxatga oluvchisiga shaxsan murojaat qilgan holda, shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilishi asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Sababi, hanuzgacha ayrim fuqarolarning (asosan chetga chiqib kelgan) pasport ma’lumotlaridan noqonuniy ravishda foydalanib, respublika hududiga noqonuniy (kontrabanda) yo‘llar bilan olib kirilgan mobil qurilmalarni onlayn ravishda (rasmiy saytdan, SMS yoki USSD kod orqali) ro‘yxatdan o‘tkazishmoqda. Bunday tartibda o‘tkazishda, pasportning haqiqiqiy egasi yoki begona shaxs tomonidan harakat amalga oshirilayotganligi tizimga noma’lum bo‘ladi. Biroq onlayn xizmatini ham o‘chirib bo‘lmaydi. Bunday holat yuzaga kelishi faqatgina soxta tadbirkorlarning vijdoniga havola.
Joriy yilning 1-choragida 200 mingdan ziyod fuqarolarning pasportlaridan noqonuniy foydalanganlik holati tizim operatori tomonidan aniqlanib, jabrlangan fuqarolarning nomiga o‘zining mobil qurilmalari ro‘yxatdan o‘tkazib berilgan, qoidabuzarlik holatlari yuzasidan esa Ichki ishlar organlari tezkor tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. eSim ro‘yxatdan o‘tkazishda ham bunday holat yuzaga kelmasligini oldini olish maqsadida tizim operatori ofisida va O‘zbekiston pochtasi bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilishi ta’minlanib kelinmoqda. Bu, albatta, vaqtinchalik chora, iste’molchilardan kelib tushayotgan takliflarni inobatga olgan holda tizim operatorining dasturiy mahsulini takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.
Jamoaviy murojaatlar portalidagi mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish haqidagi 2019-yil 14-dekabrdagi 1249-s-p/19-son jamoaviy murojaat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilgan va 2020-yil 3-iyun ““Mening fikrim” veb-portaliga joylashtirilgan “mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish haqidagi elektron jamoaviy murojaatni ko‘rib chiqish to‘g‘risida”gi 312-IV son qarori qabul qilingan va qarorga asosan mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha joriy etilgan tizimning:
- ishlatiladigan milliy axborot tizimlari va axborot resurslarining axborot xavfsizligi darajasini oshirishga;
- fuqarolar tomonidan turli xil elektron xizmatlarni olish uchun xavfsiz platformani shakllantirishga;
- fuqarolar tomonidan yo‘qotilgan yoki o‘g‘irlatib qo‘yilgan mobil qurilmalardan foydalanishning oldini olishga;
- radiotexnik uskunalarning import oqimini legallashtirish va ularni standartlashtirishga keng imkon yaratishi e’tiborga olingan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi ishchi guruhi tomonidan “Mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish haqida”gi elektron jamoaviy murojaat yuzasidan tayyorlangan ma’ruzasida taqdim etilgan taklif va kamchiliklarni inobatga olgan holda, mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish tavsiya etilgan. Bu borada tizim operatori tomonidan ishlar olib borilmoqda.
Call-centre: 1170
E-mail: info@uzimei.uz
Veb-sayt: https://uzimei.uz
YouTube: UzIMEI uz
Reklama huquqi asosida.