Miki laqabli poni Buyuk Britaniyada joriy etilgan lokdaun vaqtida Xallavington qishlog‘idagi kitob klubining kuryeriga aylandi. U ijtimoiy masofalanishga rioya qilishga majbur klub a’zolariga kitob yetkazib bermoqda, deb yozadi Esquire.
Mazkur g‘oyani klub rahbari Ebining qizi Elizabet Perri-Uillyams o‘rtaga tashlagan. Ebi va uning qizi Polli kitob mutolaa qilishni istovchilarga kitob yetkazib beradi. Ebining so‘zlariga ko‘ra, ponining tabassumi shu qadar yoqimliki, o‘quvchilar nafaqat kitoblarni, balki “tabassum uchun qo‘shimcha bahona”ni ham qo‘lga kiritadi. Mikki har oy “eng yorqin hodisa”ga aylangan klub a’zolariga kitob yetkazib berib, ularni xushnud etadi.
Ebi ponini 2020-yilning oktabrida “Havorang xoch” hayvonlarni parvarishlash fondidan olib ketgan. “Uning o‘zi biz bilan gaplashishni xohladi va biz uni olib ketishga majbur edik”, — deydi Ebi.
Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi shtammi tarqalishining oldini olish uchun joriy etilgan lokdaun yanvardan buyon davom etmoqda. 8-mart kuni karantin choralarini yengillashtirish boshlangan, mamlakatda maktablar ishga tushgan. 12-apreldan birinchi ehtiyoj vositalari bilan savdo qilmaydigan do‘konlar, sartaroshxona va go‘zallik salonlari, shuningdek, sportzallar ochilishi kutilmoqda. Cheklovlarning aksariyati 21-iyundan yechiladi.