Daryo

“Toshkent viloyatiga 119 trln so‘m yo‘naltiriladi. Hali hech bir viloyatda bunday marra olinmagan” — Prezident

Mablag‘lar ichimlik suvi, elektr energiyasi, yo‘l, ta’lim va boshqa sharoitlarni yaxshilash uchun, yirik va o‘rta loyihalar uchun sarflanadi

2 daqiqa o‘qish54 186 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi “Eshonobod” mahallasini borib ko‘rdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, bu yerda 3 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ularga munosib turmush sharoitlari yaratish maqsadida “Obod qishloq” dasturi doirasida uylar, maktablar, yo‘llar va kommunal tarmoqlar ta’mirlanib, zamonaviy madaniyat saroyi barpo etildi.

Davlat rahbari bu yerda mahallaning turli millatga mansub vakillari bilan suhbatlashdi.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

“Bugun kelishimdan maqsad — Toshkent viloyatida ham zamonga munosib sharoit yaratish. Viloyatda salkam 3 million aholi bor. 150 ming nafari ishsiz. Shuning uchun har bir mahalladagi “o‘sish nuqtalari”ni topib, shunga javobgarlarni belgilab, kerakli mablag‘larni berib, odamlarni ish bilan ta’minlashimiz kerak. Ichimlik suvi, elektr energiyasi, yo‘l, ta’lim va boshqa sharoitlarni yaxshilash zarur. Bu maqsadlar uchun yirik va o‘rta loyihalar uchun viloyatga 119 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Hali hech bir viloyatda bunday marra olinmagan”, — degan Prezident.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Chinoz tumanidagi o‘zgarishlar, imkoniyatlar haqida ham to‘xtaldi.

“O‘zi Chinoz tumanida ishsiz bo‘lishi kerak emas. Yeri keng, odamlari mehnatkash. Har bir uyda, har bir ko‘chada madaniyat bo‘lishi kerak. Xalqimiz aytganidek olma pish, og‘zimga tush, degan bilan natija bo‘lmaydi. Birgalikda harakat qilishimiz zarur. O‘zgarishlarni istasak, hammamiz ongli ravishda o‘zgarishimiz kerak”, — degan davlat rahbari.

Xabarda aytilishicha, mahallada davlat xizmatlari markazi shoxobchasi, bank filiali, tibbiyot punkti, tikuvchilik korxonasi ham tashkil etilgan bo‘lib, davlat rahbari Qo‘jakent tekstile group korxonasidagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Bu yerda ikki smenada 500 nafar xotin-qiz ishlamoqda. Oxirgi bir yarim oyda 100 ming dollarlik tayyor kiyimlar eksport qilingan. Korxonaning o‘zida tikish-bichishni o‘rgatuvchi 200 o‘rinli o‘quv markazi ham ochilgan.

Mutasaddilarga tadbirkorlarga ko‘maklashib, bino va mablag‘lar ajratib, bunday kichik korxonalarni ko‘paytirish va 3 ming nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Prezident shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qildi.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Chinoz tumaniga kelib, suv xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirgani haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryoda amalga oshiriladigan hududiy loyihalar uchun 11 trillion 300 milliard so‘m yo‘naltirilgan, Namangan viloyatida 2021—2022-yillarda umumiy qiymati 23 trillion 700 milliard so‘mlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Prezident 2021-yilning fevralida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashining navbatdan tashqari 26-sessiyasida Namanganga 30 yillik tarixda buncha mablag‘ kelmaganini ta’kidlagandi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar