Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida YPX xodimi talabiga bo‘ysunmay, uni Nexia kapoti ustida sudrab ketgan haydovchiga nisbatan chora ko‘rildi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar qilindi.

Qayd etilishicha, Qo‘qon shahar Farobiy ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX xodimi 3.27 (to‘xtash taqiqlanadi) belgisi ta’siri doirasida to‘xtab turgan qora rangli Nexia haydovchisidan hujjatlarini so‘ragan.

“Haydovchi qoida buzgani uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib turganimda, u menga nisbatan faol qarshilik ko‘rsatdi. Mashinani ustimga haydaganda o‘zimni olib qochishga ulgurmay qoldim. Taxminan 50—100 metrlarcha sudrab ketdi”, – deydi YPX xodimi.

Buning oqibatida xodim yiqilib tan jarohati olgan.

“Hujjatim yo‘q edi. Hujjatimni so‘rab kelganida mashinani oldinga haydashimni aytdim. Mashina qarshisiga turib oldi keyin men uni kapot ustida sudrab ketdim”, — deydi haydovchi.

Haydovchi jinoiy ishlar bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan aybli deb topilib, kodeksining 60, 61-moddalari (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash, jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) tartibida 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Tayinlangan jazo qattiq tartibdagi koloniyada o‘tkazilishi belgilandi.

Bundan avval Toshkentda YPX inspektorlariga jami 500 dollar pora taklif qilgan uch haydovchi ushlangani, Sirdaryoda ichki ishlar xodimi kiyimida raqsga tushgan yigit 8 sutkaga qamalgani hamda Buxoroda YPX inspektorini Tico kapotida sudrab ketgan haydovchi 15 sutkaga qamalgani haqida xabar berilgandi.