O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bazasida tashkil etilgan “Olimpik” klubi bosh murabbiyi Temur Kapadze “Futbol +” dasturida jamoaning tashkil etilishi va undan ko‘zlangan maqsadlar haqida fikr yuritdi.

Foto: O‘FA

Mutaxassisning ta’kidlashicha, klub terma jamoa futbolchilarini to‘liq qamrab olmaydi va yetakchi o‘yinchilar o‘z jamoasida to‘p suraveradi. “Olimpik” jamoasiga Superliga va Pro-Liga klublarining o‘rinbosarlar tarkibida qolib ketayotgan futbolchilar jalb qilinmoqda. Ya’ni, o‘z jamoasi asosiy tarkibida to‘p suradigan yetakchi futbolchilar “Olimpik”da o‘ynamaydi.

Shuningdek, o‘z klubi bilan amaldagi shartnomaga ega futbolchilar ijara asosida “Olimpik”da to‘p suradi.

Kapadzening ta’kidlashicha, jamoa o‘z oldida Pro-Ligada yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritish maqsadini qo‘ygan, biroq bu birinchi darajali vazifa emas

“Natijaga e’tibor qilish kerak, bu intilish uchun ham kerak. Ammo Superligaga chiqa olmasak, bu katta fojia bo‘lmaydi. Rahbariyat ham oliy divizionga chiqishga harakat qilishimiz kerakligini aytmoqda. Bu normal holat, rahbariyat bu vazifani qo‘ymasa, men qo‘yaman. Yigitlarda intilish bo‘ladi, bu o‘sishga yordam beradi”, — deydi Kapadze.

Eslatib o‘tamiz, Milliy Olimpiya qo‘mitasi (MOQ) taklifi bilan “Olimpik” klubi tashkil qilindi va klub 2021-yilgi mavsumdan boshlab Pro-Ligada ishtirok etishini belgilandi. Ushbu jamoada O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga nomzod futbolchilar harakat qiladi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!