Qo‘shma Shtatlar jahon miqyosidagi o‘ta og‘ir vaziyatlardagina harbiy kuch ishlatishi kerak. Bu haqda AQSh prezidenti Jo Bayden Pentagonga tashrifi chog‘ida aytib o‘tdi, deb yozmoqda “RBK”.

Foto: AP

Amerika prezidentining so‘zlariga ko‘ra, AQSh Mudofaa vazirligining asosiy vazifasi dushman tajovuzini cheklash va agar kerak bo‘lsa, Amerikaning xavfsizligini ta’minlash uchun kurashib, urushda g‘alaba qozonishdir.

“Fikrimcha, kuch birinchi emas, so‘nggi chora bo‘lishi kerak”, — deya ta’kidladi Bayden.

Shu bilan birga, Prezident oliy bosh qo‘mondon sifatida Amerika xalqi va AQSh ittifoqchilarining hayotiy muhim manfaatlarini himoya qilish uchun kuch ishlatishdan tortinmasligini ma’lum qildi.

Avvalroq AQSh Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Bayden ma’muriyati AQSh tashqi siyosatini jumladan, Rossiya bilan munosabatlarini ham kuch pozitsiyasi ustiga qurishini aytgan edi. Unga ko‘ra, hukumat Rossiyani “olib borayotgan zararli harakatlari uchun javobgarlikka tortish” choralarini ko‘rmoqda. Bu harakatlarga Amerika demokratiyasiga putur yetkazish, Yevropada odamlarni kimyoviy qurol bilan zaharlash, kiberhujumlar va boshqa ko‘plab tahdidlar kiradi”.

Sallivan, shuningdek, AQSh Rossiya bilan o‘zaro manfaatli masalalarda hamkorlik qilishi mumkinligini istisno qilmagan. O‘z navbatida, Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov yanvar oyida Oq uyda ma’muriyat o‘zgarganiga qaramay, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarda hech narsa o‘zgarmaydi, deb taxmin qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh Senati 9-fevral, seshanba kuni sobiq prezident Donald Trampga nisbatan impichment jarayoni Amerika konstitutsiyasiga zid emas, deb ovoz berdi.

Impichment haqidagi rezolyutsiya senatga yanvar oxirida berilgan edi. Ungacha jarayonni boshlash vakillar palatasida ma’qullangan edi. Bunga sobiq davlat rahbari tarafdorlarining parlament binosiga hujumi sabab bo‘ldi. Tramp qo‘zg‘olonga da’vat qilishda ayblanmoqda.