Amaldagi AQSh prezidenti Donald Trampning bir necha minglab tarafdorlari 20-yanvar, chorshanba kuni saylangan davlat rahbari Jo Baydenning inauguratsiyasiga xalaqit berish uchun Kapitoliyga shiddatli hujum uyushtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kongress vakillariga huquq-tartibot organlari tomonidan xabar berilgan, deb yozadi “RBK”.

Foto: AP Photo

“Ular birorta ham demokratning kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Kapitoliyni qurshab oladigan 4 ming nafar qurolli ‘vatanparvar’ haqida aytmoqda. Ular jangovar harakatlar olib borish qoidalarini, ya’ni qachon otishingiz mumkin, qachon mumkin emasligi haqidagi qoidalarni e’lon qildi. Demak, bu o‘z rejalariga ega uyushgan guruh”, — dedi vakillar palatasi a’zosi Konor Lemb CNN telakanali efirida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu guruh juda jiddiy kayfiyatda, ammo kongress vakillari ular bilan muzokaralar olib bormayapti va ularni fikridan qaytarishga urinmayapti. “Ularni ayblash kerak. Ularni to‘xtatish kerak. Bu, afsuski, prezidentga tegishli. Shuning uchun biz unga impichment e’lon qilib, hokimiyatdan chetlatishimiz kerak”, — dedi Lemb.

Kongressmen ta’kidlashicha, huquq-tartibot organlari bu xatarni o‘ta jiddiy deb hisoblab, voqealarning bunday tus olishiga tayyorlanmoqda.

Avvalroq AQSh Federal qidiruv byurosi (FQB) Amerikaning barcha shtatlari markazlari va Vashingtonda 16—20-yanvar kunlari qurolli noroziliklar rejalashtirilayotgani haqida ogohlantirgan edi.

Tramp esa Vashingtonda favqulodda vaziyat rejimini tasdiqladi va saylangan prezident Jo Baydenning 20-yanvardagi inauguratsiyasi oldidan xavfsizlikni ta’minlash uchun qo‘shimcha federal kuchlarni yo‘naltirishni buyurdi.