O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi ayrim huquqbuzarliklar uchun ma’muriy jazolar yengillashtirilishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritilishi kutilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Tahlillar natijasida aniqlanishicha, haydovchilar tomonidan to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarining buzilishi aksariyat hollarda mashinani to‘xtatishga majbur bo‘lingan joylarda vaqtincha to‘xtash uchun sharoit yaratilmagani va bunday joylarda taqiqlovchi belgilar mavjudligi oqibatida sodir etilmoqda.

Deputat Faxriddin Samadovning ta’kidlashicha, o‘rganishlar davomida kodeksdagi yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi ayrim huquqbuzarliklarga nisbatan jarima miqdorini eng kam va eng ko‘p miqdorini belgilash davomida — huquqbuzarlikni tasniflash amaliyotida korrupsion holatlarning kelib chiqishiga imkon beruvchi mavhum normalar borligi ham aniqlangan.

Taklif etilayotgan qonun loyihasiga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54, 123, 141, 147-moddalarida nazarda tutilgan “eng kam” va “eng ko‘p” miqdorda belgilangan jarimalarning eng kam darajasi saqlanib, eng ko‘p darajasi chiqarib tashlanyapti.

Ma’lumot uchun

Amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) birinchi qismi asosida fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 5 barobari (13-yanvar holatiga ko‘ra 1 115 000 so‘m)gacha miqdorda, ikkinchi qismi asosida esa BHMning 20 barobari (4 460 000 so‘m)dan 30 barobari (6 690 000 so‘m)gacha jarima solinishi mumkin.

123-modda (transport vositalaridan axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish) bo‘yicha jarima BHMning beshdan bir qismi (44 600 so‘m)dan bir baravari (223 ming so‘m)gacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.

141-modda (transport vositalaridan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanish) bo‘yicha jarima BHMning ikki barobari (446 ming so‘m)dan besh barobari (1 115 000 so‘m)gacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.

147-modda (yo‘llarga, yo‘l inshootlariga, yo‘l harakatini tartibga solib turuvchi texnik vositalarga shikast yetkazish, ularni saqlash qoidalarini buzish) birinchi qismi bo‘yicha fuqarolarga solinishi mumkin bo‘lgan jarima BHMning bir barobari (223 ming so‘m)dan uch barobari (669 ming so‘m)gacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborotiga ko‘ra, deputatlar shu moddalardagi “eng ko‘p” miqdorlarni yo‘q qilishni taklif qilmoqda.

Shuningdek, kodeksning 128-6-moddada belgilangan transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori kamaytirilib, takroran sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima qo‘llash normalari chiqarilmoqda. Jarima miqdori qanchaga kamaytirilayotgani ma’lum qilinmagan, qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saytining “Muhokama etilayotgan qonun loyihalari” sahifasida yo‘q.

Ma’lumot uchun

Amaldagi kodeksga muvofiq, haydovchi tomonidan to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini birinchi marta buzish bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning uch baravari (13-yanvar holatiga ko‘ra 669 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Bir yil davomida sodir etilgan ikkinchi xuddi shunday qoidabuzarlik uchun BHMning besh barobari (1 115 000 so‘m), uchinchi qoidabuzarlik uchun BHMning 10 barobari (2 230 000 so‘m), to‘rtinchi va undan keyingi har bir qoidabuzarlik uchun BHMning 15 barobari (3 345 000 so‘m) miqdorida jarima solinadi.

Oddiyroq qilib tushuntirganda, hozir bir haydovchi yil davomida 10 marta to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzsa, jami 27 429 000 so‘m jarima to‘laydi. Deputatlar jarima miqdorini qanchaga kamaytirishni taklif qilgani ma’lum emas; jarima miqdori kamaytirilmay, deputatlarning takroriy qoidabuzarlik uchun oshirilgan jarima qo‘llash amaliyotini bekor qilish taklifi tasdiqlangan taqdirda ham, yil davomida 10 marta “parkovka” qoidalarini buzgan haydovchi “bor-yo‘g‘i” 6 690 000 so‘m (amaldagi kodeks asosida solish mumkin bo‘lgan umumiy jarima miqdoridan 20 739 000 so‘m kam) jarima to‘lashi kerak bo‘ladi.

“Xalq noiblari ushbu hujjatning qabul qilinishi kelgusida yo‘l transport sohasidagi qoidabuzarlik uchun jarimalar belgilashda korrupsion holatlar sodir etilishini oldini olishga xizmat qilishini aytib, qonun loyihasini ma’qulladilar”, — deyiladi palata axborotida.