Asaka—Marhamat yo‘lida sodir bo‘lgan yo‘l transport hodisasi oqibatida Asaka tuman tibbiyot birlashmasining tez tibbiy yordam bo‘limi haydovchisi vafot etgan. Bu haqda “Daryo” muxbiri Umidjon Mamarasulov xabar berdi.

“Daryo” manbasining ma’lum qilishicha, YTH 2021-yilning 10-yanvar kuni soat 19:10 da sodir bo‘lgan.

Asaka—Marhamat yo‘lida harakatlanib kelayotgan tez tibbiy yordam bo‘limi mashinasi qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelayotgan Cobalt bilan to‘qnashgan. Natijada 1978-yilda tug‘ilgan tez tibbiy yordam bo‘limi haydovchisi Sh.H. og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Bo‘lim feldsheri Yo.Q. esa bosh miya chayqalishi, burun ustki sohasi shilinishi jarohati bilan tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Tuman tibbiyot birlashmasi xodimlaridan birining aytishicha, ushbu brigada soat 18:29 da “Ne’matobod” mahallasida yashovchi fuqarolardan kelgan murojaatga asosan chaqiruvga chiqqan bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiyda Nexia haydovchisi 8 yoshli qizaloq o‘limiga sababchi bo‘lgani, Farg‘ona kanaliga Cobalt tushib ketishi oqibatida esa 3 kishi vafot etgani haqida xabar berilgandi.