Daryo

Bayden AQSh davlat kotibi lavozimiga kimni tayinlashi ma’lum bo‘ldi

Yangi davlat kotibi Bill Klintonning spichrayterlaridan biri bo‘lgan va Barak Obama davrida davlat kotibi o‘rinbosari lavozimida ishlagan

2 daqiqa o‘qish54 196 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Reuters

AQShning saylangan prezidenti Jo Bayden Davlat departamenti rahbarlik lavozimiga o‘zining maslahatchisi Entoni Blinkenni tayinlash niyatida. Bu haqda Bloomberg o‘zining uchta manbasiga tayanib xabar berdi. Shuningdek, The New York Times, Reuters va CNN ham bu haqida yozgan.

Foto: Reuters

58 yoshli Entoni Blinken — Baydenning eski hamfikrlaridan biri bo‘lib, u bilan salkam 20 yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Bunga qadar Blinken Bill Klintonning spichrayterlaridan biri bo‘lgan va Barak Obama davrida davlat kotibi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Obama davrida Blinken AQSh tashqi siyosatining shakllanishida muhim rol o‘ynagan, xususan, 2014-yilda Qrimning Rossiyaga qo‘shilishiga javob tanlanishida ham.

Shuningdek, Bayden prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi lavozimiga o‘z nomzodini aniqlab olgan. Ushbu lavozimga bunga qadar Hillari Klintonning maslahatchisi bo‘lgan Jeyk Sallivan ilgari suriladi.

Bayden AQShning BMTdagi doimiy vakili lavozimiga Linda Tomos-Grinfild nomzodini ilgari suradi. U Afrika masalalari bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi va Obama davrida davlat kotibi yordamchisi bo‘yicha ishlagan.

Uchala nomzodning ham rasmiy e’lon qilinishi 24-noyabr sanasiga mo‘ljallangan.

Ma’lumot uchun, 2018-yilda Reks Tillerson AQSh davlat kotibi lavozimidan bo‘shatilgan va Trampning tavsiyasiga ko‘ra, MRB direktori Mayk Pompeo ushbu lavozimni egallagan. Mavzuga doir: Eslatib o‘tamiz, AQShda prezidentlik saylovi 2020-yilning 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tdi, ovozlar bir necha kun davomida hisoblab chiqildi, 7-noyabr kuni AQShning yirik OAVlari saylovda Bayden g‘alaba qozonganini ma’lum qildi. Donald Tramp esa mag‘lubiyatni tan olmadi va saylov bo‘yicha sudga murojaat qilishini bildirdi. U saylovlar qonunbuzarliklar bilan o‘tgan degan fikrda, shuningdek, saylovlarda mamlakat konstitutsiyasi buzilganini aytgan.

Pensilvaniya sudi Trampning Filadelfiyadagi saylovlarida qonun buzilishlari qayd etilgani bo‘yicha da’vosini rad etdi. Keyinroq Bayden hokimiyatni topshirishdan bosh tortayotgan Tramp ma’muriyatini sudga berishi mumkinligini bildirdi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar