Daryo

Fransiyaliklarga zaruratsiz uydan chiqish taqiqlandi

Yakkalanish umumiy rejimi doirasida aholining faqat oziq-ovqat sotib olish uchun, ishga borish uchun, tibbiy yoki shoshilinch oilaviy vaziyatlar yuzasidangina o‘z uylaridan chiqishga ruxsat etiladi

2 daqiqa o‘qish44 680 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Getty Images

COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishi tufayli Fransiya qayta tiklayotgan yakkalanish umumiy rejimi doirasida aholining faqat oziq-ovqat sotib olish uchun, ishga borish uchun, tibbiy yoki shoshilinch oilaviy vaziyatlar yuzasidangina o‘z uylaridan chiqishga ruxsat etiladi. Bu haqda bosh vazir Jan Kasteks ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.

Foto: Getty Images

Uydan chiqqan odamlar o‘zi bilan buning sababi yozilgan hujjat olib yurishi kerak, uning haqiqiyligini politsiya tekshiradi.

Shu bilan birga, fuqarolar uylaridan 1 kilometrdan uzoq bo‘lmagan masofada bir soat ochiq havoda sport bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi. Sport bilan jamoaviy shug‘ullanish taqiqlanadi.

Avtomobil ustaxonalari, supermarketlar, kirxonalar, optika va dorixonalardan tashqari barcha do‘konlar yopiladi. Kafe va restoranlar xo‘randalarni qabul qilmaydi, lekin uyga olib ketish va yetkazib berish uchun ishlashda davom etadi.

Maktablar faoliyatini davom ettiradi, ammo olti yoshdan katta barcha o‘quvchilar uchun majburiy niqob rejimi joriy etiladi. Bungacha ushbu chora 11 yoshdan kichik bolalar uchun amal qilmasdi. Hamma universitetlar masofadan o‘qish formatiga o‘tadi.

Cheklovlar 30-oktabrdan kuchga kiradi va kamida 1-dekabrgacha davom etadi.

Avvalroq karantin haqida mamlakat prezidenti Emmanuel Makron e’lon qilgan edi. U ommaviy tadbirlar bekor qilinishi, ko‘p sonli odamlar to‘planadigan joylar, xususan, bar va restoranlar yopilishi, buning imkoniyati bo‘lgan barcha korxonalarda masofadan ishlash formati joriy etilishini aytgandi.

Fransiya mehnat vaziri Elizabet Born “iqtisodiy faollik keskin tushib ketishining oldini olish” uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilishga chaqirdi. Uning aytishicha, hukumat tez orada pandemiya sharoitida ishlash shartlari keltirilgan hujjatni chiqaradi.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, 29-oktabr kechqurun holatiga ko‘ra, Fransiyada COVID-19’ga chalinganlar soni 1,280 million kishiga yetgan. Mamlakat bu ko‘rsatkich bo‘yicha AQSh, Hindiston, Braziliya va Rossiyadan keyingi beshinchi o‘rinda turibdi.

28-oktabr kuni shunga o‘xshash cheklov choralari haqida Germaniya ham ma’lum qildi. Ular 2-noyabrdan amal qilishni boshlaydi. Mavzuga doir:
Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar