28-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida davlat dasturining 3-chorakda bajarilishi yuzasidan hukumat hisoboti eshitildi. Unda bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov mamlakatda turizmni tiklash rejalariga to‘xtalib o‘tgan, deb xabar beradi “Kun.uz”.

Foto: “Daryo”

“Yanvar—fevral oylarida butun dunyo bo‘yicha ommaviy emlash boshlanadi. Bu ishlar keyingi yilning uchinchi—to‘rtinchi choragiga borib yakunlanadi. Demak, turizm ham shu paytga kelib tiklana boshlaydi. Xalqaro tashkilotlar va xalqaro ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, emlash yakunlanishiga turizmda o‘sish boshlanadi”, – deya ta’kidlagan bosh vazir o‘rinbosari.

Uning qayd etishicha, O‘zbekistonda ham turizm tiklanishiga tayyorgarlik ko‘rib borilishi kerak. Shuning uchun hozir reyslarni ko‘paytirish, arzon loukosterlarni O‘zbekistonga jalb qilish bo‘yicha Transport vazirligi bilan hamkorlikda ishlanmoqda.

“Ikkinchi yo‘nalish – ichki turizm bo‘yicha ham tiklash ishlari olib borilmoqda. Cheklovlar yumshatilgach, sanatoriylar, bolalar oromgohlari o‘z faoliyatini tikladi. Ichki turizm hozir yaxshi rivojlanib bormoqda.

Umuman olganda, hozirgi kunda turizmni tiklash uchun imkon darajasida tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Tayyorgarlik nafaqat Toshkent, Samarqand va Buxoro kabi yirik shaharlarda, balki boshqa viloyatlarda ham boshlangan”, – deydi Aziz Abduhakimov.

Avvalroq Uzbekistan Airways kompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Umid Husanov hozirda loukoster (chipta bahosi arzon) aviakompaniyani tashkil etishni rejalashtirmayotganini ma’lum qilgandi. U Uzbekistan Airways aviakompaniyasini rivojlantirish bo‘yicha strategiyasida ham loukosterlarni tashkil etish rejasi yo‘qligini bildirgan.

O‘zbekistonda loukosterlar tashkil etilishi mumkinligi haqidagi dastlabki gap-so‘zlar 2018-yil boshida, Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida 52 nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojiri nosoz avtobusda tiriklayin yonib ketganidan so‘ng ko‘tarilgan edi. O‘shanda Umid Husanov bunday aviakompaniya 2018-yil oxirigacha tashkil etilishi, unda Toshkentdan Moskvaga 100 dollarga uchib borish mumkin bo‘lishini ta’kidlab o‘tgan edi.

2020-yil boshida bosh vazir Abdulla Aripov Humo Air aviakompaniyasi tashkil etilishini e’lon qilgandi. Hukumat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 2020-yilda tashkil etilishi kerak bo‘lgan bu aviakompaniya “avvaliga respublika ichida past narxda muntazam aviareyslarni” amalga oshirishi kerak edi. Keyinchalik “Maxsus aviatsiya xizmatlari” aviakompaniyasi ixtiyoridagi 43 ta An-2 samolyotlari Humo Air’ga berilishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Shuningdek, 2020-yilgi Davlat dasturiga beshta yangi aviakompaniya tashkil etish ham kiritilgan edi. Umuman, mamlakatda aviakompaniyalar soni ko‘payishi haqida 2018-yilda bosh vazir birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, 2020-yilda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, transport vaziri Elyor G‘aniyev ham gapirgan. Biroq amalda “O‘zbekiston havo yo‘llari”ni Uzbekistan Airways, Uzbekistan Airports va Uzbekistan Helicopters’ga bo‘lishdan boshqa ish bo‘lmadi.