Turon sport turi asoschisi Bahodir Saidov 15-sentabr, seshanba kuni 66 yoshida vafot etdi. Bu haqida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport matbuot xizmati

Qayd etilishicha, Bahodir Saidov uzoq yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi hamda O‘zbekiston futbol federatsiyasida mas’ul lavozimlarda mehnat qilgan. Uning o‘limi sababi haqida ma’lumot berilmagan.

“Yakkakurash sport turlari bilan yoshligidan shug‘ullangan Bahodir Saidov 1981-yilda hozirgi O‘zbekiston Davlat Jismoniy tarbiya va sport universitetini tamomlagan. U 40 yildan ortiq vaqt davomida jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat ko‘rsatib, mamlakatimiz sporti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan inson edi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Turon yakkakurashi — milliy sport turi hisoblanib, turkiy xalqlar jang qilish san’ati namunasi sifatida qadimdan mashhur bo‘lgan. 1991-yilda Bahodir Saidov Turon yakkakurashining zamonaviy qonun-qoidalarini ishlab chiqqan. Bu sport turida kurashchilar peshonaband belbog‘ bog‘lab, yaktak, keng ishton kiyib musobaqalashadi. Turon yakkakurashining ikki: jang va erkin mashq yo‘nalishi bor. Jang yo‘nalishi bo‘yicha bellashuv ikki qismdan iborat bo‘lib, har bir qismi daqiqadan bo‘ladi, katta yoshdagi sportchilar uchun bir raund besh daqiqani tashkil qiladi. Qolgan yoshdagilar uchun bir raund 2-3 daqiqa hisoblanadi. O‘zbekistonda Turon yakkakurashi federatsiyasida 1995-yilda tashkil etilgan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!