Tanga va marka yig‘ish singari odatiy buyumlarni kolleksiya qilish quyidagi yulduzlar uchun xos emas. Mazkur shou-biznes vakillarini hasharotlar, suyak va g‘aroyib buyumlar qiziqtiradi.

Tom Xenks: yozuv mashinkasi

Foto: Marie Claire

“Forrest Gamp”, “Yashil maskan” va boshqa bir qancha filmlarda qoyilmaqom ijrosi bilan muxlislar qalbidan joy olgan aktyor eski yozuv mashinalarini kolleksiya qiladi. Muxbirlarni jini suymaydigan Xenks intervyu berishga faqat bitta shart bilan — yozuv mashinasi kolleksiyasi haqida qiziqilsa, modellari haqida ma’lumot so‘ralsa va yangi yozuv mashinkasi tuhfa qilinsagina rozi bo‘ladi, degan mish-mishlar ham yo‘q emas. Bundan bir necha yil oldin Talking Dead ko‘rsatuvi boshlovchisi Kris Xardvik, 1934-yilda ishlab chiqarilgan Smith Corona yozuv mashinkasini yuborib, aktyorni dasturda ishtirok etishga taklif qilgan. Xenks esa tabiiyki ushbu sovg‘adan keyin yo‘q deya olmagan.

Anjelina Joli: pichoq

Foto: Marie Claire

Aktrisa sovuq qurollar yig‘ishni yaxshi ko‘radi. Uning kolleksiyasida Renessans davri va o‘rta asrga oid xanjar va pichoqlarni uchratish mumkin. Joli bergan intervyularida, mazkur buyumlarni uyida, bolalari bilan ehtiyotsizliklar kelib chiqmasligi uchun qulflangan holda saqlashini ta’kidlagan.

Kira Naytli: tirnoq bo‘yog‘i

Foto: Marie Claire

“Karib dengizi qaroqchilari” yulduzi yuqoridagi hamkasblaridan farqli o‘laroq, qiziqishi zamonaviylikka qaratilgan. Kira markasi, tarkibi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar rang-barang, yorqin bo‘lgan tirnoq bo‘yog‘i — lak yig‘ishni yaxshi ko‘radi. Uning kolleksiyasida barcha rangdagi bo‘yoqlarni uchratish mumkin.

Katrin Denev: lab bo‘yog‘i

Foto: Marie Claire

Fransuz kinosanoatining yorqin yulduzi Katrin Denev lab bo‘yog‘i — pomada yig‘adi. Aktrisa xarid davomida do‘kondan pomada olmasdan chiqib keta olmasligini bir necha marta tan olgan. Omma oldida e’tibor jalb qilmaydgan pomada surtgan holda namoyon bo‘ladigan Denevga qarab, kolleksiyasidagi kosmetik vositalardan foydalanmasa kerak degan xulosaga kelish mumkin.

Dastin Xoffman: ayiq o‘yinchoqlar

Foto: Marie Claire

Aktyor ayiq o‘yinchoqlari, xususan, Teddi ayiqlarini kolleksiya qilishni yaxshi ko‘radi. Ma’lumot uchun ayiqlarni Teddi nomini olishi Teodor Ruzvelt bilan bog‘liq bo‘lib, u ovga chiqqanida ayiqni ota olmagani uchun Teddi nomi berilgan. Xoffmanning kolleksiya uchun alohida xonasi bor bo‘lib, u yerda mingdan ortiq ayiqlarni uchratish mumkin.

Penelopa Krus: kiyim ilgich “veshalka”

Foto: Marie Claire

Rejissor Pedro Almodovarning ilhomi, Xavera Bardemanning rafiqasi ispan aktrisasining qiziqishi ham boshqalarnikiga o‘xshamaydi. Gap shundaki, Penelopa yog‘och, plastmas, rang-barang, umuman, olganda turli-tuman kiyim ilgichlarni yig‘adi. Uning kolleksiyasida 500 dan ortiq namunani uchratish mumkin.

Klaudiya Shifer: O‘rgimchak

Foto: Marie Claire

Top-model Shifer hasharot, xususan, o‘rgimchaklarga qiziqishiga ishonish qiyin. Klaudiyada bu qiziqish bolaligida paydo bo‘lgan va u soatlab o‘rgimchak to‘r to‘qishini kuzatib o‘tirgan. Bugungi kunda Shiferning uyida o‘rgimchak shaklidagi turli-tuman taqinchoqlar va qotirilgan o‘rgimchaklar kolleksiyasini uchratish mumkin.

Devid Linch: o‘lik pashsha

Foto: Marie Claire

Eng g‘aroyib va noodatiy kolleksiya Devid Linchga tegishli, u o‘lik pashshalarni devorga yopishtirib qo‘yish bilan birga tovuq suyaklarini yig‘ishga ham qiziqadi.

Jonni Depp: hamma narsa

Foto: Marie Claire

Aktyor hamma narsani birvarakayiga yig‘adi. U yoshligida kabutarlar skeleti, o‘lik ko‘rshapalaklar va quritilgan hasharotlarni to‘plagan degan mish-mishlar yo‘q emas. Keyinchalik shlyapalar eng qizig‘i esa Barbie qo‘g‘irchoqlarini kolleksiya qilgan. Avvaliga farzandlarini qo‘g‘irchoqlar bilan o‘ynatgan aktyor keyinchalik kolleksiya qilishga kirishganini tan oladi. Deppning to‘plamida mashhurlar — Elvis Presli, Beyonse, Lindsi Loxan ko‘rinishidagi, shuningdek, o‘zi gavdalantirgan “Karib dengizi qaroqchilari”dagi Jek Chittak va “Alisa mo‘jiazlar mamlakatida”gi shlyapa kiygan qahramonlarning qo‘g‘irchog‘ini ham uchratish mumkin. Bundan tashqari aktyor, yozuvchi Jek Keruakka tegishli bo‘lgan buyumlar — yozuv materiallari, plash, kurtka va chemodanini ham to‘playdi. Bu hali hammasi emas, san’at buyumlari — masxarabozlar tasvirlangan kartinalar, lampa va art-dekor uslubidagi mebellar ham Jonnining e’tiboridan chetda qolmaydi.