Kickstarter saytida beshta funksiyani, jumladan, smartfonlarni dezinfeksiyalashga qodir noodatiy toster sotuvga chiqdi, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.

Foto: Hi-Tech.Mail.ru

Phone Toster bu — dizaynerlik aksessuari bo‘lib, unga smartfonni xuddi non bo‘lagi kabi joylashtirish mumkin. Faqat gadjet qurilma ichida qizdirilmaydi, balki ultrabinafsha lampalar yordamida dezinfeksiyalanadi. Kafolatlangan natija uchun taymer mavjud — dezinfeksiyani 11 soatga qadar amalga oshirish mumkin.

Dezinfeksiya uchun mo‘ljallangan teshik deyarli barcha turdagi zamonaviy smartfonlarga mos keladi — hatto Samsung Galaxy Note20 Ultra yoki iPhone 11 Pro Max kabi ulkan flagmanlarga ham.

Shuningdek, tosterning yana bir qancha qo‘shimcha funksiyalari ham mavjud. Uning ichiga simsiz QI quvvatlantirgich o‘rnatilgan bo‘lib, bu dezinfeksiya qilinayotgan smartfonni bir vaqtning o‘zida zaryadlash imkonini beradi. Simsiz quvvatlana olmaydigan smartfonlar uchun esa blok ichiga 18 Vattli USB razyom kabel o‘rnatilgan.

Bundan tashqari, toster korpusiga Bluetooth yordamida ishlaydigan simsiz kolonka va soat o‘rnatilgan.

Hozirda smartfonlar uchun mo‘ljallangan toster Kickstarter sayti orqali sotilmoqda. Uni 79 dollar evaziga buyurtma qilish mumkin. Kompaniya ishlab chiqarish uchun kerak bo‘ladigan minimal mablag‘ni yig‘ib bo‘lgan.

Avvalroq Samsung sterillovchi quvvatlantirgichni sotuvga chiqargani to‘g‘risida xabar berilgandi.