O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika maxsus komissiyasi a’zosi Aziz Abduhakimov “O‘zbekiston 24” telekanali orqali 26-iyul kuni efirga uzatilgan intervyusida ota-onasi koronavirusga chalingani, o‘tgan bir hafta ichida esa koronavirus sabab ikki yaqin insonidan ayrilganini ma’lum qildi.

“Afsuski, koronavirus infeksiyasi na yosh, na millat, na kasb, na jamiyatdagi mavqeni inobatga olmaydi. Har kuni ko‘plab fuqarolar ushbu infeksiya bilan kasallanayotganini ko‘rib turibmiz. Shunchaki bir necha misol keltirmoqchiman. Afsuski, mening ota-onam ham ushbu kasallikka chalindi, vaholanki men har doim ulardan zarur ehtiyot choralarini ko‘rishni, barcha karantin talablariga rioya etishni so‘ragandim. Biroq bir marta bozorga borib-kelishning o‘zi ularning ham kasallikka chalinishi uchun yetarli bo‘ldi, hozir ular davolanishmoqda.

Yana boshqa ko‘plab misollarni ham keltirishim mumkin. So‘nggi ikki hafta ichida men juda ham yaqin ikki insonimni yo‘qotdim. Afsuski, bunday fojia har birimiz bilan yuz berishi mumkin. Biz juda ham ehtiyotkor bo‘lishimiz lozim. Hozir koronavirus infeksiyasi barcha hududlarda tarqalayotganiga guvohi bo‘lyapmiz. Shu munosabat bilan Respublika maxsus komissiyasi tomonidan karantin cheklovlarini 15-avgustga qadar uzaytirish haqida qaror qabul qilindi”, — dedi Aziz Abduhakimov.