Aktyor va rejissor Ma’ruf Otajonov “Daryo” internet-nashriga eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni “Daryo” muxbiri Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Ma’ruf Otajonov suhbat davomida “Mirzo Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon”  hujjatli filmidagi Amir Temur roliga uni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tasdiqlagani haqida gapirib berdi.

Mening rasmimni Islom Karimovning oldiga olib kirishgan: ‘Mana shu odamni topdik, rol uchun’ deya. Shunda Prezidentimiz rasmga qarab turib,  ‘Ana ko‘rdingmi, O‘zbekistonda ham Amir Temurga o‘xshagan inson bor’ deb qizlariga aytgan ekanlar. Bu fakt ekan. Bo‘lmasa, mendan oldin beshta aktyor yuborilgan ekan, dunyo miqyosida kasting uyushtirilgan, Bred Pitt tavsiya qilingan, Silvester Stallone, Amitabh Bachchan ham bo‘lgan. Rejissor menga aytib bergan. Turkiyalik aktyor Halit Ergench ham bo‘lgan. Lekin Birinchi Prezidentimiz o‘zbek aktyorini topish kerakligini ta’kidlaganlar. ‘O‘zbek aktyorlari ichida yo‘q ekan’ deb aytishganda, Prezidentimiz:  ‘Bo‘lmasa, kino ham kerak emas’ deb aytgan ekanlar. Men o‘shanda  ‘Oyqiz ertagi’ filmida o‘ynayotgan edim.

‘O‘zbekkino’da ishlaydigan bir shogirdim meni tavsiya qilgan ekan. Keyin Bahodir Yo‘ldoshev bilan uchrashdim. Menga rejissorlar: ‘G‘azab bilan o‘ngga, chapga qarab bering’, deyishdi. Keyin rasmga tushirib olishdi. Rasmlarni jo‘natishini, agar ular tasdiqlashsa, menga xabar berishlarini aytishdi. Aynan o‘sha kuni kechqurun 12 da menga qo‘ng‘iroq qilib, ‘Ma’ruf aka, sizni rolga tasdiqlashdi’ deb aytdi. ‘Rahmat’ deb zo‘rg‘a javob berdim, ko‘zimdan tinmay yosh oqardi, hattoki yonimda o‘tirgan turmush o‘rtog‘im ham yig‘lagandi.

Ma’ruf Otajonov, aktyor, rejissor, kaskadyor

Ma’lumot uchun, “Mirzo Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” hujjatli filmiga Lola Karimova—Tillayeva va uning turmush o‘rtog‘i Timur Tillayev prodyuserlik qilgan. Filmda Amir Temur rolini Ma’ruf Otajonov, Mirzo Ulug‘bek rolini Armand Assante, Abdulatif rolini esa Javohir Zokirov ijro etgan. Film rejissori Bahodir Yo‘ldoshev ushbu kinokartinada XV asrning buyuk astronomi hamda Movarounnahr hukmdori hayotidagi fojialar, mushkulotlar va zafarlarni aks ettirgan.