Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati internetda poytaxt aholisi vakillari tomonidan G‘afur G‘ulom bog‘i o‘rnida yangi turar joylar va biznes markaz qurilishi mumkinligi haqida tarqalgan fikrlarga munosabat bildirdi.
“Ishontirib aytamizki, ushbu xavfsirashlar asossiz.
2018-yil 19-dekabrdagi ‘O‘zbekiston Respublikasining 2019-yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida’gi Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-sentabrdagi 670-sonli farmoyishiga asosan, Chilonzor tumani, Bunyodkor shohko‘chasi 21-manzilida joylashgan G‘afur G‘ulom madaniyat va istirohat bog‘ini 49 yil muddatga BMP Smart Decision Private Limited xorij kompaniyasiga — uni modernizatsiya qilish va jahon standartlariga javob beradigan zamonaviy parkni barpo qilishga oid investitsion majburiyat bilan berish ko‘zda tutilgan.
Modernizatsiya loyihasi 1980-yillarda o‘rnatilgan eski attraksionlarni yangilariga almashtirish, shuningdek, bog‘ning yashil hududini, bog‘da o‘sayotgan Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi xatlovidan o‘tkazilgan daraxtlarga qo‘shimcha ravishda yangi daraxtlar bilan to‘ldirishni o‘z ichiga oladi. Rekonstruksiyadan keyin ham bog‘ hududiga kirish avvalgiday bepulligicha qoladi.
Jamoatchilikni ushbu loyiha bilan batafsilroq tanishtirish uchun investor vakili bilan uchrashuv tashkil etiladi”, — deyilgan hokimlik ma’lumotida.
Poytaxt hokimligi matbuot xizmati shahar aholisi uchrashuv qachon bo‘lib o‘tishi haqida qo‘shimcha tarzda xabardor qilinishini bildirgan.
2019-yil oktabr oyida Toshkentning Chilonzor tumanidagi G‘afur G‘ulom nomidagi bog‘, Yakkasaroy tumanidagi “Do‘stlik” bog‘i, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Ekopark”da amalga oshirish uchun taqdim etilgan loyihalarga 20 million dollar investitsiya kiritish bo‘yicha tender hujjatlari tayyorlanayotgani xabar qilingandi.