Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida qo‘shnilari bilan yer masalasida nizolashgan ayol benzin sepib, o‘zini yoqib yubordi. Natijada tanasining 96 foizi kuygan ayol ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, bir kun o‘tgach vafot etdi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda “Yerini qo‘shnilari noqonuniy olib qo‘yganiga norozilik bildirgan 43 yashar ayol o‘ziga o‘t qo‘yib, halok bo‘ldi” sarlavhali xabar tarqalgan.

Viloyat prokuraturasining aniqlik kiritishicha, joriy yilning 26-iyun kuni Yakkabog‘ tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga “Oqtosh” MFY Bog‘zor ko‘chasida yashovchi fuqaro M.A. kuyish tana jarohatlari bilan keltirilgan.

Fuqaro M.A. qo‘shnisi P.Qodirov va E.Pardayevlar bilan yer masalasida o‘zaro janjallashib kelgan. E.Pardayevning murojaatiga ko‘ra, joriy yilning 26-iyun kuni MFY raisi Q.Kenjayev, “Yermulkkadastr” DK Yakkabog‘ tumani filiali mutaxassisi B.Xushmurodov va tuman IIB profilaktika inspektori M.Egamberdiyevlar mazkur muammoni yechish uchun M.A. xonadoniga borgan va fuqarodan yerga oid hujjatlarini so‘ragan. M.A. esa uyiga kirib, ustiga benzin sepib chiqqan va qo‘lidagi gugurt bilan o‘ziga o‘zi o‘t qo‘ygan.

Yakkabog‘ tuman tibbiyot birlashmasining ma’lumot berishicha, fuqaro M.A.ning olgan tan jarohati III-IV darajali kuyish ko‘rinishida bo‘lgan. Shu bois ham fuqaro shifokorlar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramay 27-iyun kuni vafot etgan.

Viloyat prokuraturasining qo‘shimcha qilishicha, mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, shu kuni Jinoyat kodeksining 103-moddasi (O‘zini o‘zi o‘ldirishga undash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.