O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deya xabar beradi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

Qarorga ko‘ra, faoliyat ko‘rsatmayotgan, ishlatilmay turgan noturar obyektlardan oqilona va samarali foydalanish hamda ularni tashkilotlarning xo‘jalik faoliyatiga keng jalb etish maqsadida Bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tashkil etilmoqda.

Markaz direktori Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining o‘rinbosari hisoblanadi.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilanmoqda:

  • mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha toifadagi bo‘sh turgan noturar bino va inshootlarni, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini aniqlash va hisobini yuritish;
  • bo‘sh turgan davlat mulki obyektlarini saqlash va ulardan samarali foydalanish, shu jumladan, davlat mulki obyektlarini ijaraga berishni tashkil etish;
  • ijaraga berilgan davlat mulki obyektlari va ularni ijaraga berishdan tushadigan mablag‘larni hisobga olish va ularning monitoringini olib borish;
  • ijaraga berilgan davlat mulki obyektlaridan maqsadli foydalanilishi, ularning saqlanishi, shuningdek, ijara to‘lovi o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishini nazorat qilish;
  • davlat muassasalari (korxonalari)ga biriktirilgan davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanilishi va ularning saqlanishini belgilangan tartibda tekshirish;
  • davlat muassasalari (korxonalari)ga operativ boshqaruv huquqi bilan berilgan davlat mulki obyektlarining ortiqcha qismini, shuningdek, foydalanilmayotgan yoki maqsadsiz foydalanilayotgan davlat mulki obyektlarini Markaz tasarrufiga o‘tkazish;
  • Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi xulosasiga asosan yaroqsiz deb topilgan davlat mulki obyektlarini buzish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
  • bo‘sh turgan xususiy mulk obyektlarini ularning mulkdorlari ixtiyoriga ko‘ra ijaraga berilishida har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatish.

Qayd etilishicha, Markaz davlat boshqaruvi organi hisoblanib, o‘ziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida barcha davlat organlaridan, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan va boshqa davlat tashkilotlaridan zarur bo‘lgan axborot va materiallarni so‘rab olishga haqli.

Markazning jami xodimlar soni 309 nafarni tashkil etadi.

Markaz agentlikning tugatilayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari huzuridagi “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” DUKning barcha huquqlari va majburiyatlari, shu jumladan shartnomaviy munosabatlar bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Markaz va hududiy boshqarmalar xodimlari o‘z vazifalari doirasida bo‘sh turgan obyektlarga to‘sqinliksiz kiradi va ko‘zdan kechiradi. Bunda, xususiy mulk obyektlariga kirish va ularni ko‘zdan kechirish tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi;

Markaz bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanish bo‘yicha qilinayotgan ishlar yuzasidan har yili 1-aprelga qadar Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi. Bo‘sh turgan obyektlar haqidagi ma’lumotlarni esa, rasmiy veb-saytida joylashtiradi va har oyda yangilab boradi.

Hududiy boshqarmalar xodimlari tuman (shahar)larning har bir mahallasiga biriktiriladi hamda vakolati doirasida mahalla hududida joylashgan bo‘sh turgan obyektlarni aniqlash va ulardan samarali foydalanishni tashkil etadi.

Bo‘sh turgan obyektlar ro‘yxati Markaz tomonidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga kiritib boriladi.

Markazning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Agentlik, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi doimiy ravishda bo‘sh turgan obyektlarni aniqlab, ularni Markaz va hududiy boshqarmalarga operativ boshqaruv huquqi asosida o‘tkazib borish choralarini ko‘radi.