UFC on ESPN 12 musobaqasining asosiy jangida ishtirok etgan Dastin Porye va Den Hukerning qancha gonorar olgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Sportekz xabar bermoqda.

Foto: Twitter

Ta’kidlanishicha, yengil vazn toifasida sobiq vaqtinchalik chempion Dastin Porye ko‘proq haq olgan. Jang oldidan unga 250 ming dollar va’da qilingandi. Shuningdek, Dastinga 100 ming dollar g‘alaba qozongani uchun va yana 50 ming dollar bonus tariqasida taqdim etildi. Kechaning eng yaxshi jangida qatnashgani uchun esa homiylar tomonidan yana 20 ming dollar qo‘shib berildi.

Shu tariqa Las-Vegasdagi musobaqada Porye jami 420 ming dollar ishlab oldi.

Uning raqibi Den Hukerning daromadi esa deyarli uch baravar kam. Hukerning kafolatlangan to‘lov summasi 80 ming dollarga teng bo‘lgan. Kechaning eng yaxshi jangida ishtirok etgani uchun 50 ming dollar, homiylar tomonidan yana 15 ming dollar oldi. Yangi zelandiyalik jangchi hammasi bo‘lib ushbu jangdan 145 ming dollar daromad orttirdi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent vaqti bilan 28-iyun tongida bo‘lib o‘tgan jangda Porye hakamlar qaroriga ko‘ra (48-47, 48-47, 48-46) Hukerdan ustun keldi.