Ko‘pincha g‘alabalarning bor shon-sharafi futbolchilarga tegadi. Agar “Yuventus” g‘alaba qozonsa, Ronalduga rahmat. Agar yana “Barselona” raqibidan ustun kelsa, demak barchasi Messi sabab. Murabbiylar-chi? Ba’zan ular yodga olinadi, ba’zida esa yo‘q. Aksariyat hollarda murabbiylar haqida jamoa yutqazayotgan vaqtda gapiriladi. Biroq yaxshi jamoa malakali murabbiysiz mavjud bo‘lolmaydi. Murabbiylar taktika, o‘z vaqtida amalga oshiriladigan almashtirishlar va shunchaki maydon chetidagi xarizmaga javob beradi. Muvaffaqiyatli murabbiysiz, muvaffaqiyatli jamoa ham bo‘lmaydi. Ta’kidlash joiz, so‘nggi o‘n yillikda taktika futbolni butunlay o‘zgartirib yubordi. “Gegen-pressing”, “tiki-taka”, tezkor qarshi hujumlar... Hozir bir joyda qotib qolmaganlargina g‘alaba qozonmoqda. Quyida aynan ana shunday futbolning o‘zgarishiga o‘z hissasini qo‘shgan so‘nggi o‘n yillikning eng yetuk murabbiylari haqida fikr yuritiladi.

Maurisio Pochettino (“Espanyol”, “Sauthempton”, “Tottenhem”)

Foto: Google Images

Pochettinoning faoliyatida yagona dog‘ — bu uning sovrindor emasligi. Biroq uni bemalol zamonaviy futbolning tom ma’nodagi taktik kashfiyotchisi deb hisoblash mumkin.

Xo‘sh, u nimasi bilan ajralib turadi? Agar u qandaydir uslubni tanlasa, o‘sha uslubni klubning barcha yosh toifadagi jamoalariga singdirishga harakat qiladi va hatto akademiya jamoalarining mashg‘ulotlariga ham tashrif buyuradi. Pochettino 4-2-3-1 sxemasini afzal ko‘radi va pressingga alohida e’tibor qaratadi. Shuningdek, u muntazam ravishda yosh futbolchilarga ishonch bildiradi.

Argentinalik mutaxassis “Sauthempton”da Premyer Ligadagi eng yaxshi natijalariga erishgan, biroq “Tottenhem”da u tom ma’noda mashhurlikka erishdi. Ungacha “shporlar” kuchli to‘rtlikni orzu qiladigan Yevropa Ligasi darajasidagi klub edi. U kelgandan so‘ng esa London klubi Chempionlar Ligasi finali bilan maqtanishi mumkin.

So‘nggi uch mavsumda “Tottenhem” Premyer Ligada “Arsenal”dan yuqori o‘rinlarni egalladi. Budjet tanqisligiga va yulduzli tarkib yo‘qligiga qaramay, “shporlar” har qanday raqib uchun qiyinchilik tug‘dira olardi. Pochettino atigi 47 yoshda, uning porloq va sovrinli kelajagi hali oldinda.

Karlo Anchelotti (“Chelsi”, PSJ, “Real”, “Bavariya”, “Napoli”, “Everton”)

Karlo Anchelotti. Foto: eurosport.ru

Foto: Getty Images

Karlo Anchelotti ushbu ro‘yxatda Yevropaning kuchli beshlik ligalari jamoalarini boshqargan yagona murabbiy. U barcha davrlarning eng hurmatga sazovor murabbiylaridan biri. Uning hisobida uchtadan Germaniya, Fransiya va Angliyada chempionligi hamda Chempionlar Ligasining bosh sovrini bor.

Chempionlar Ligasidagi g‘alabani hisobga olmaganda, uning “Real”dagi faoliyati unchalik ham omadli bo‘lmagan. Biroq “qirollik klubi” muxlislari undan norozi bo‘lishi dargumon.

Italiyalik mutaxassis boshqa jamoalarda ham yaxshi natijalarga erishgan: 2010-yilda “Chelsi” bilan chempionlikka erishadi (o‘sha yili jamoa 103 ta gol uradi va o‘z rekordini o‘rnatadi), PSJ va “Bavariya” bilan ham mamlakat birinchiligida g‘olib bo‘ladi. “Napoli”da esa uning omadi yurishmaydi, biroq bu uning obro‘yiga ta’sir o‘tkazmagan.

Yupp Haynkes (“Bayer”, “Bavariya”)

Yupp Xaynkes. AP Photo/dpa, Marc Mueller

Foto: AP Photo

Agar Yupp Haynkes faoliyatini yakunlamaganida, “Bavariya” bilan nimalarga erishmagan bo‘lardi? Ortda qolgan o‘n yil ichida Yupp Myunxen klubini atigi uch yarim yil boshqardi, ammo qisqa muddat ichida yaxshigina yutuqlarga erisha oldi. Ushbu ro‘yxatda ketma-ket ikki marta Chempionlar Ligasi finaliga yetib borgan uch nafar murabbiy bor va ulardan faqat ikkitasi trebl bilan maqtana oladi, shulardan biri Yupp Haynkes.

“Real” sobiq murabbiyi 2011-yilgacha “Bayer”da ishlagan, Leverkuzen klubi o‘sha yillarda Chempionlar Ligasi va Bundesligada ajoyib o‘yinlar ko‘rsatdi. Ammo Haynkes aynan “Bavariya”da nimalarga qodir ekanini ko‘rsata oldi: ikki mavsumda ham Chempionlar Ligasi finaliga chiqdi, 2013-yilda esa g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Moslashuvchan taktika va tezkor qarshi hujumlar tufayli “Bavariya” dunyoning eng kuchli jamoalaridan biriga aylandi. Bunday muvaffaqiyatga u Yupp Haynkesning ishtirokosiz erishishi qiyin edi.

Massimiliano Allegri (“Milan”, “Yuventus”)

Foto: UEFA

Ushbu avlodning eng moslashuvchan va taktik jihatdan bilimli murabbiylaridan biri bo‘lgan Massimiliano Allegrini bu ro‘yxatga kiritmaslik adolatdan bo‘lmasdi.

Allegri o‘n yillikni “Milan”boshqaruvida boshlaydi va birinchi mavsumdayoq chempionlikni “rossonerilar” nomiga rasmiylashtirib qo‘yadi. Bu jamoaning 2004-yildan keyingi birinchi skudettosi edi. O‘sha yillarda “Milan” azaliy raqibi — “Inter”dan ustunlikni tortib oladi.

2014-yilda esa Allegri “Milan”ni tark etadi va “Yuventus”ga ustozlik qila boshlaydi. Debyut mavsumida Allegri Turin klubini A Seriya g‘olibiga aylantiradi va Chempionlar Ligasi finaliga olib chiqadi (2003-yildan keyin ilk bor). Afsuski, finalda “Barselona” kuchliroq bo‘lib chiqadi. Biroq Allegrining taktikasi tomoshabinlar qalbidan joy oladi va futbolda o‘z izini qoldira oladi.

Allegri uch yil davomida oltin dublga (A Seriya va Italiya Kubogi) erishdi. Italiyaning eng yaxshi murabbiylariga beriladigan Panchina d’Oro’ning to‘rt karra g‘olibi hisoblanadi. Allegri so‘nggi o‘n yillikda A Seriyaning eng yaxshi murabbiyi ekanligiga hech kim shubha qilmasa kerak.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, 55 yoshida futbolni tark etishni rejalashtirgan. Hozir u 52 yoshda va eng yaxshi “tekin” murabbiy bo‘lib turibdi.

Antonio Konte (“Siyena”, “Yuventus”, Italiya terma jamoasi, “Chelsi”, “Inter”)

Foto: “Chelsi”

A Seriyaning yana bir taniqli va mahoratli murabbiyi Antonio Kontening rezyumesidan bir qancha grand klublar joy olgan.

U faoliyatini quyi ligada boshlagan. Dastlab u “Siyena” klubida ustozlik qiladi. Shundan so‘ng o‘zining birinchi jiddiy klubi — “Yuventus”da ish boshlaydi. Turindagi birinchi mavsumidayoq bir marta ham mag‘lubiyatga uchramay, chempionlikni qo‘lga kiritadi. U A Seriya tarixida bunday natijaga erishgan birinchi murabbiy edi.

Uning jamoasi Italiya chempionatida uch bor chempionlikni nishonladi, o‘zi esa xuddi shuncha marta yilning eng yaxshi murabbiyi deb topildi. Shuningdek, jamoa bir mavsumda eng kam gol o‘tkazib yuborgan holda, chempionat rekordini yangiladi. Biroq afsuski, Konte Chempionlar Ligasida hech nima qilib bera olmadi, shu bois u 2014-yilda vazifasidan ozod etildi.

Italiya terma jamoasida ma’lum muddat ishlagach, Konte Angliyaning “Chelsi”siga yo‘l oladi va darhol Premyer Ligada g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ladi. Keyingi mavsumda esa Angliya Kubogida ham g‘alaba qozonadi. Biroq ma’lum sabablarga ko‘ra Londonda uzoq qolmaydi. Va 2018- yilda “Inter” boshqaruvini qabul qilib oladi.

Konte taktika, o‘zgacha uslub va 3-5-2 sxemasi bilan boshqalardan ajralib turadi. Uning jamoalari asosan, himoyada yaxshi harakat qiladi. Bu esa Italiyada aktual hisoblanadi.

Diyego Simeone (“Kataniya” (Italiya), “Rasing” (Argentina), “Atletiko”)

Foto: Daily Express

Diyego Simeone ayni paytda Yevropaning kuchli beshlik ligalarida uzoq vaqtdan beri bir klubda ishlayotgan kam sonli murabbiylaridan hisoblanadi. U 2011-yilda “Atletiko”da ish boshlagan. U qariyb o‘n yildan beri bir klubda ishlab keladi. Simeone “Atletiko”ni o‘rtamiyona jamoa darajasidan Yevropaning top klubi darajasigacha olib chiqa oldi.

Simeone — jahon futbolidagi eng tajribali va zukko mutaxassislardan biri ekaniga hech kim shubha qilmasa kerak.

Uning jamoalarining o‘ziga xos xususiyati — himoyadagi ixcham o‘yin va tezkor qarshi hujumlar. Ko‘pchilik uning o‘yin uslubini juda ehtiyotkor va antifutbol deb hisoblaydi, lekin u o‘zgalar fikriga umuman ahamiyat bermaydi.

Simeonegacha “Atletiko” ko‘pchilikka tanish bo‘lmagan oddiy jamoa edi. U kelgach esa, jamoa ikki marta Chempionlar Ligasining finaliga qadar yetib bordi, ikki marotaba Yevropa Ligasida g‘olib bo‘ldi, “Real” va “Barselona”ni ortda qoldirib chempionlikni tantana qildi.

Ta’kidlanishicha, tomonlar yaqin orada hamkorlikni tugatishar ekan. To‘g‘ri, hozir “Atletiko”ning 2013–14 yilgi mavsumdagi shijoati yo‘q, lekin taxmin va mish-mishlarga ishongandan ko‘ra shunchaki, Simeonega qilgan mehnatlari uchun minnatdorchilik bildirish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Joze Mourinyo (“Inter”, “Real”, “Chelsi”, “Manchester Yunayted”, “Tottenhem”)

Foto: Getty Images

Kimdir Mourinyoni “futboldagi eng katta yaramas” deb ataydi, yana kimdir esa hammaga narsaga ega bo‘lgan taktik daho. U haqida qanday fikrda bo‘lishdan qat’i nazar, Jozening yetuk mutaxassis ekanligi haqida bahslashish mushkul.

Futbol tarixida boshqa bunday odam bo‘lmagan bo‘lsa kerak. Mourinyo — pragmatik, qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da g‘alaba qozonishni xohlaydigan murabbiy sirasiga kiradi. Kimdir uning takabburligiga toqat qila olmasa, yana kimdir uning allaqaysi murabbiylar bilan bo‘ladigan doimiy nizolarini kuzatadi. Ba’zan portugaliyalikning jamoalariga qaraganda, uning o‘zini kuzatish qiziqroqdek tuyuladi.

Joze o‘n yillikni “Inter”dagi trebl bilan boshlaydi. “Real” bilan Chempionlar Ligasining yarim finaliga qadar yetib boradi. Ispaniya chempionatida esa “Barselona”dan chempionlikni tortib oladi. Uning “Real”i 2011/12 yilgi mavsumda bir nechta rekordlarni yangilaydi: g‘alaba qozonilgan o‘yinlar (32), mehmondagi g‘alabalar (16), kuchli beshlik ligalari orasida eng ko‘p ochkolar (100). “Qirollik klubi”ning kataloniyaliklarni 9 ochkoga ortda qoldirib chempionlikka erishgani ham bejiz emas. Aynan uning davrida “Real” azaliy raqibi “Barselona”dan ustun kela oldi.

2013-yilda Mour yana “Chelsi”ga ustozlik qila boshlaydi. London klubi bilan Angliya chempionatida g‘olib chiqadi, biroq keyingi mavsum omadsiz o‘tgani uchun vazifasidan ozod etiladi. Uning “Manchester Yunayted”dagi faoliyati ham Yevropa Ligasidagi g‘alabani hisobga olmasa, yorqin natijalarga boy bo‘lmaydi.

Ayni paytda Joze “Tottenhem”ni kuchli to‘rtlikka qaytarishga harakat qilmoqda.

Zinedin Zidan (“Real”)

Foto: Squawka

Yevropada istalgan inson Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonishni orzu qiladi. Futbol tarixida atigi uch murabbiygina mazkur musobaqada uch martadan g‘olib bo‘lgan. Karlo Anchelotti muvaffaqiyatini takrorlash uchun 12 yil kutgan bo‘lsa, Bob Peysli to‘rt yil ichida muvaffaqiyatga erishadi va bu 40 yil davomida bunday natijani hech kim takrorlay olmaydi. Aynan Zidan ushbu rekordni yangilab, 2016-yildan 2018-yilgacha ketma-ket uch marta g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. Bu 1992-yildan beri hech qaysi jamoa va murabbiyga nasib qilmagandi. Bundan tashqari, Zidan xalqaro maydondagi g‘alabaga mamlakat chempionligini ham qo‘shib qo‘yadi.

Tanqidchilar fransiyalikning jamoa va tarkib borasida omadi kelganini aytib keladi. Bu unchalik ham haqiqatga yaqin emas, tarkibning qay darajada yulduzli bo‘lishidan qat’i nazar, Chempionlar Ligasida uch marta g‘alaba qozonish oson ish emas. Bunga PSJni yaqqol misol qilib ko‘rsatsa bo‘ladi. Barchasi Zidan va uning taktikasi samarasidir.

Zizu ro‘yxatdagi boshqa murabbiylar singari, uzoq vaqtdan beri ishlamayotgan bo‘lishi mumkin, ammo qisqa muddat ichida boshqalar erisholmagan natijalarni qayd etdi.

Hech kim Zidan kabi yulduzlar bilan til topisha olmaydi.

Yurgen Klopp (“Borussiya D”, “Liverpul”)

Foto: Getty Images

“Gen-pressing” uslubini yaratgan insonni bemalol futbol tarixidagi eng yaxshi murabbiylar qatoriga qo‘shish mumkin. U haqiqatan ham futbolni sevadi. Buning ustiga judayam hazilkash va doimo yuzidan tabassum arimaydi. Lekin mashg‘ulotlarda u o‘ta talabchan.

U uchun hammasi “Borussiya”dan boshlangan, Klopp Dortmund klubi bilan ikki marta Bundesligada g‘olib chiqadi. 2013-yilda “Borussiya” Chempionlar Ligasi finalida “Bavariya”ga to‘qnash kelib, omadsizlik sabab imkoniyatni boy berib qo‘yadi. Dortmundda yetti yil o‘tkazgach, Klopp “Liverpul” bilan shartnoma imzolaydi va “qizillar”ni butunlay o‘zgartirib yuboradi.

2015-yildan boshlab “Liverpul” muntazam ravishda o‘yiniga qo‘shib kelmoqda va ayni paytga kelib Premyer Liganing eng kuchli jamoasiga aylandi. 2019-yilda mersisaydliklar uning qo‘l ostida Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘ldi, 2020-yilda 30 yildan beri kutilayotgan chempionlikni tantana qilishga yaqin turibdi.

Klopp pressingni yaxshi ko‘radi. Uning jamoalari esa hech qachon himoyaviy o‘yin namoyish etmaydi.

Xosep Gvardiola (“Barselona”, “Bavariya”, “Manchester Siti”)

Foto: AP

Ushbu ro‘yxatdan Gvardiolaning joy olishiga hech kimda e’tiroz bo‘lmasligi tabiiy. Boisi u nafaqat doimiy g‘alabalari, balki chiroyli o‘yini bilan ham muxlislar qalbini zabt eta olgan.

Kataloniyalik mutaxassis o‘n yil ichida o‘z hisobiga oltita liga va bitta Chempionlar Ligasi kubogini yozdirib qo‘ydi. “Barselona”da aqlbovar qilmas natijalarga erishganidan so‘ng “Bavariya”ni qabul qildi va uch bor Bundesliga g‘olibiga aylantirdi.

Shundan so‘ng u o‘z omadini Tumanli Albionda sinab ko‘rishga qaror qildi. Angliyadagi dastlabki mavsum muvaffaqiyatli kechmadi, biroq keyingi yilda “Manchester Siti” uning qo‘l ostida rekord darajadagi 100 ochko to‘plagan holda APL g‘olibi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.

Undan keyingi mavsumda esa “shaharliklar” bir yo‘la inglizcha treblni rasmiylashtirib qo‘ydi — Premyer Liga, Angliya Kubogi va Liga kubogi. 2020-yilda Pep vanihoyat Chempionlar Ligasida g‘alabani nishonlashga umid qilmoqda. Bu sovrin unga Ispaniyadan ketgandan keyin nasib etishi qiyin bo‘lmoqda.

Barchada bo‘lgani kabi, Gvardiolada ham uni yomon ko‘ruvchilar bor. Ularning aytishicha, u faqat boy va tarkib jihatdan kuchli klublarnigina boshqarar, Mourinyo va Klopp singari nisbatan kichikroq jamoalar bilan muvaffaqiyat qozona olmas ekan. Kim bilsin, ehtimol ular haqdir, lekin bu uning futbol uchun qilgan xizmatlariga ta’sir o‘tkazmaydi.

Gvardiola tiki-taka uslubini san’at darajasiga olib chiqdi, qayerda ishlamasin, barcha jamoalarini o‘zgartira oldi va doimiy ravishda muvaffaqiyatga erishdi.

Rus tilidan Bilol Erkin tarjimasi

Manba

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!